Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

“Ohangaron xayoti” tahririyati bosh muxarririga


 

 

 

 

“Ohangaron xayoti”

tahririyati bosh muxarririga  

 

 

                Soʻnggi yillarda yurtimizda aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulaylik va yengilliklar yaratish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat xizmatlari koʻrsatish borasida olib borilayotgan barcha ishlar xalqimizni davlatdan rozi boʻlishi, xizmatlardan qulay va shaffof foydalanishiga eʼtibor qaratilgan.

 

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 23-mart kuni Prezidentimizning “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

 

Mazkur hujjat bilan tanishar ekanmiz, u tom maʼnoda aholini qiynayotgan juda koʻplab byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishini, aholi va tadbirkorlarni idorama-idora sarson boʻlib yurishiga chek qoʻyishiga ishonish mumkin.

 

Xususan, 2021-yil 1-iyundan davlat xizmatlari koʻrsatish va ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish boʻyicha bir qancha yengilliklar yaratilmoqda. Yetti turdagi fuqarolik holati dalolatnomalari (tugʻilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, oʻlim, ism va familiyani oʻzgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi. Notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha maʼlumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi.

 

Tadbirkorlik subyekti boʻlgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yigʻim va davlat boji toʻlovlarini toʻlashda yuridik shaxsning vakili tomonidan naqd pul shaklida toʻlovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

 

Xorijiy tijorat tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yoʻqligi toʻgʻrisidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.

 

Davlat xizmatini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

 

2021-yil 1-iyuldan boshlab soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda yuritishga oʻtiladi, bunda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish bekor qilinadi.

 

Yana bir yangilik, 2021-yil 1-maydan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat boji toʻlovini elektron tarzda YAIDXP orqali qabul qilish imkoni yaratiladi. 2021-yil 1-iyundan boshlab 16 yoshga toʻlgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish hamda fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshirish tizimi joriy etiladi.

 

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, joriy yil 1-iyundan boshlab, Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha yagona vakolatli organ sifatida belgilanib, davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, mazkur farmonda aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlatxizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatlarini olib borishi uchun byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha yana koʻplab qulayliklar yaratilishi koʻzda tutilgan.

 

 

 

Markaz bosh mutaxassisi                              B.Umarov