Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish tartibi


Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish tartibi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida qaroriga asosan koʻchmas mulk obyektini kadastr hisobiga olish va kadastr yigʻmajildini shakllantirish natijasida koʻchmas mulk obyekti boʻyicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi. Kadastr pasportida mulkdor va huquq belgilovchi hujjatlar haqidagi maʼlumotlar aks ettirilmaydi.

Koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi:

koʻchmas mulk obyekti boʻyicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda;

koʻchmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida boʻlinganda (bunda ikki qismga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi);

qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan soʻng ularning bir qismiga boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtganda; yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari oʻzgarganda;

koʻchmas mulk obyektining manzilini belgilashda yoki oʻzgartirishda; koʻchmas mulk obyektining toifasi oʻzgarganda;

oʻz yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud boʻlganda.

Kadastr pasportini olish hamda belgilangan tartibda koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchining ixtiyoriga koʻra bir vaqtda yoki alohida murojaat qilish mumkin.

Koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelganda, boshqa shaxsga oʻtganda, bekor boʻlganda yoki koʻchmas mulk obyektining huquqiy holati oʻzgarganligini tasdiqlash yoki qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha murojaat qilinganda, ariza beruvchining ixtiyoriga koʻra qogʻoz yoki plastik shakldagi kadastr pasporti beriladi.

Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallari (keyingi oʻrinlarda — filiallar) kadastr yigʻmajildini shakllantirib, uning natijasi boʻyicha kadastr pasportini taqdim etadi.

Davlat xizmatini koʻrsatish tartibi

Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YAIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.

Ariza beruvchilar oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi — ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron shaklda mustaqil toʻldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, soʻrovnomaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi. Soʻrovnomaga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan soʻng barcha hujjatlar real vaqt rejimida filialga elektron shaklda yuboriladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda filialga yuboriladi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.

Filial zarur hollarda ariza beruvchi bilan kelishib, soʻrovnomada koʻrsatilgan joyga chiqqan holda, obyektning parametrlari boʻyicha oʻlchov ishlarini amalga oshiradi, xatlovdan oʻtkazadi hamda talab etilganda koʻchmas mulk obyektining manzilini belgilaydi yoki oʻzgartiradi.

Ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan vaqtda va manzilda boʻlmagan taqdirda, soʻrovnomada koʻrsatilgan telefon raqami orqali aloqaga chiqilib, sababi aniqlanadi va bu haqda xolislar (qoʻshnilar) ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiriladi va murojaat (soʻrovnoma) koʻrilmasdan qoldiriladi.

       Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:

       koʻchmas mulk obyekti boʻyicha birlamchi kadastr yigʻmajildi (pasporti) mavjud boʻlib, begonalashtirilganda yoki obyektda oʻzgarishlar (rekonstruksiya, qoʻshimcha va alohida qurilish) mavjud boʻlmaganda;

koʻchmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda obyektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi oʻzgarganda;

kadastr yigʻmajildi (pasporti) yoʻqolganda (yaroqsiz holga kelganda va koʻchmas mulk obyekti koʻrsatkichlari oʻzgartirilmasdan).

Ushbu hollarda kadastr pasporti uch ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.

 

 

 

Ohangaron tuman adliya boʻlimi

yuridik xizmat koʻrsatish

markazi boshligʻi:                                                                      A.T.Saʻdullayev