Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchilarga moliyaviy resurslar ajratiladi


Oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchilarga moliyaviy resurslar ajratiladi

 

                Keyingi yillarda qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, mavjud yer, suv va boshqa resurslardan yanada oqilona foydalanish, zamonaviy va intensiv texnologiyalarni qoʻllash orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar asta-sekin oʻz samarasini bermoqda. Ayniqsa, ekin maydonlaridan yil davomida samarali foydalanish hisobiga asosiy, oraliq va takroriy ekin sifatida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat ekinlari ekilib, ulardan yuqori hosil yetishtirilib, nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorlarda ham savdo hajmini oshlirishga imkoniyat yaratish va qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish va mahsulotlarning raqobatdoshligini oshirish maqsadida joriy yilning 16-fevral kunida “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmonga koʻra, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 220 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar 2024-yil 1-martgacha tijorat banklariga yoʻnaltiriladi. Bunda tijorat banklari tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada quyidagi imtiyozli kreditlar ajratiladi:

-oziq-ovqat yoʻnalishidagi, sohada mahsulot yetishtirishdan tortib, uni isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun – 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan;

-aylanma mablagʻlar uchun – 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan.

Shu bilan birga farmon bilan, 2024-yil 1-martdan Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi resurslari hisobidan oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun 2 yil muddatgacha ular tomonidan oxirgi 12 oy davomida eksport hajmi:

-100 ming AQSH dollaridan 1 million AQSH dollarigacha boʻlganda –100 ming AQSH dollarigacha;

-1 million AQSH dollaridan 2 million AQSH dollarigacha boʻlganda –1 million AQSH dollarigacha;

-2 million AQSH dollaridan 4 million AQSH dollarigacha boʻlganda –2 million AQSH dollarigacha;

-4 million AQSH dollaridan ortiq boʻlganda – 3 million AQSH dollarigacha moliyaviy resurslar ajratiladi.

Bundan tashqari, Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari va eksport qiluvchilar tomonidan xorijiy davlatlarda savdo uyi va doʻkonlarini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSH dollarigacha mablagʻni xorijiy hisob raqamlarga oʻtkazishga ruxsat beriladi.

Farmon Oʻzbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni taʼminlashning 2030-yilgacha moʻljallangan strategiyasi Oʻzbekiston aholisi uchun oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishning xalqaro miqyosda tan olingantaʼriflariga muvofiq-oziq-ovqat mahsulotlari mavjudligi, foydalana olish imkoniyati, isteʼmol, barqarorlik va doimiyligini taʼminlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi

Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                            N. Anarqulova