Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi


“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi

 

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng koʻlamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish boʻyicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilning 21-fevral kunida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan, keng jamoatchilik bilan muhokamalarda bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida quyidagilar tasdiqlangan:

Davlat dasturining “Barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash” yoʻnalishi doirasida yalpi ichki mahsulot oʻsish surʼatini 6 foizdan kam boʻlmagan darajada, investitsiyalarni esa yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan kamida 30 foiz boʻlishini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida 18 milliard dollarlik 309 ta yirik loyihani ishga tushirish belgilangan.

Shuningdek, iqtisodiyotga 275 trillion soʻm kredit resurslarini yoʻnaltirish, shu jumladan, 41 trillion soʻmlik mikromoliya xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlash, banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2–3 foiz bandga pasaytirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

Yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shugʻullanishga qoʻshimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.

“Yosh tadbirkor” tanlovi asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va gʻoyalari saralanishi, respublika bosqichida saralashdan oʻtgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilishi va kredit stavkasining 50 foizi qoplab berilishi, gʻolib boʻlgan biznes loyiha va gʻoyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi ham koʻzda tutilmoqda.

Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omili sifatida biznes uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida “Biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturi” doirasida kompleks qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali kamida 200 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, 90 mingta korxona va 110 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini taʼminlash orqali 5 million aholining bandligi uchun zarur sharoitlar yaratilishi belgilangan.

 

Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi

Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                          N. Anarqulova