Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

Eng faol ijtimoiy xodim koʻrik tanlovi oʻtkaziladi.


Eng faol ijtimoiy xodim koʻrik tanlovi oʻtkaziladi.

Biz bilamizki, 2023-yilning 14-oktyabrida “Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini taʼminlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini koʻrsatishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilinib ijroga qaratildi.

         Mazkur qarorga asosan, 2023-yil 15-oktyabrdan oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash boʻyicha arizalarni qabul qilish vakolati berildi.

Shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga koʻra oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba oʻrganiladi va oʻrganish maʼlumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritib borilishi, 2024-2025 oʻquv yilidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan oʻtkaziladigan “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik tanlovining viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan ijtimoiy xodimlar davlat oliy taʼlim muassasalariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi va 2024-yil 1-iyuldan moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy toʻlovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” ATda hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalar integratsiya qilinishi belgilab qoʻyildi.

         Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan- 2023-yil 1-noyabrdan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar eksperiment tariqasida yoʻlga qoʻyiladigan tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish markazlarida ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam koʻrsatish tizimi joriy etilishi, 2023-yil 15-noyabrgacha oʻzining tizimiga kiradigan tashkilotlarga tegishli bino va inshootlarga ijtimoiy himoya yoʻnalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini, zaruratga koʻra, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish, 2023-yil 1-dekabrgacha tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish natijasiga koʻra nogironligi boʻlgan shaxs uchun sogʻligʻining holatiga koʻra mumkin boʻlgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar integratsiyasi taʼminlanishi va 2024-yil 1-yanvargacha ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor koʻrib chiqishga moʻljallangan “ishonch telefoni” ishga tushirilishi belgilab berilib, ijroga qaratildi.

         Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ijtimoiy xodimlar, ijtimoiy xodim assistentlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlardagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori boʻyicha ijtimoiy xodimlar oʻrtasida “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik-tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilash maqsadida joriy yilning 3-fevralida Hukumat qarori bilan “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik tanlovini tashkil va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom qabul qilindi.

Nizomga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ijtimoiy xodimlar, ijtimoiy xodim assistentlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlardagi xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori boʻyicha ijtimoiy xodimlar oʻrtasida “Eng faol ijtimoiy xodim” koʻrik tanlovi tashkil etiladi.

Shunga koʻra, har yili 1-aprelgacha koʻrik tanlov oʻtkazilishi haqida eʼlon beriladi va nomzodlar 1-apreldan 30-aprelgacha agentlik veb-sayti orqali roʻyxatdan oʻtadi.

Koʻrik tanlovning hududiy saralash bosqichi may oyida, respublika final bosqichi iyun oyida oʻtkaziladi.

Tanlov-ishtirokchilarning bilim darajasini aniqlashga qaratilgan ijitimoiy ish sohasidagi onlayn test sinovlari, ishtirokchilarning IQ (intellektual koeffitsiyent) va individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan sinovlar, ishtirokchilar bilan yakka tartibdagi suhbat asosida oʻtkaziladi.

Nizomga asosan tanlov gʻolib va sovrindorlari har yili iyul oyining birinchi haftasida BHMning 10 dan 20 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ijtimoiy xizmat — ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning turmush sifatini oshirishga, unga jamiyat hayotida ishtirok etishda boshqa shaxslar bilan teng boʻlgan imkoniyatlarni yaratishga va (yoki) oʻzining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;

Ijtimoiy xodim — ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatishni tashkillashtiruvchi yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga kompleks ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi shaxs;

Ijtimoiy xodim assistenti — oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar (bolalar)ga ijtimoiy-maishiy xizmatlarni koʻrsatuvchi shaxs.

 

Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi

Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                      Nazokat Anarqulova