Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga davolanish xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi


“Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga davolanish xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratiladi.

Ariza beruvchi subsidiya ajratishni soʻrab murojaat qilganda mahalladagi yoshlar yetakchisi uch ish kuni ichida hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasidan shifokor jalb qilishga koʻmaklashadi va ariza beruvchining sogʻligʻi holati baholanadi.

Oʻrganish natijasida ariza beruvchiga tibbiy yordam koʻrsatish zarurati aniqlanganda, ariza beruvchining sogʻligʻi holatiga qarab belgilangan tartibda davolash uchun tegishli birlamchi, viloyat yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasasiga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatiladigan imtiyozli toifaga kiradigan (ariza beruvchining ushbu toifaga kirishi yoki kirmasligi tibbiyot muassasasi xulosasiga koʻra aniqlanadi), viloyat yoki respublika darajasida davolanishi lozim deb topilgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar davolanish uchun belgilangan tartibda elektron navbatga qoʻyilishi taʼminlanadi.

Ushbu toifaga kirmaydigan, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi tomonidan viloyat, respublika darajasida yoki xorijiy davlatda davolanishi lozim deb topilgan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning davolanishi yoki jarrohlik amaliyotidan oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasiga asosan “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya ajratiladi.

Ariza beruvchi shifokor koʻrigidan oʻtgandan soʻng mahalladagi yoshlar yetakchisi uch ish kuni ichida subsidiya ajratish haqidagi tavsiyanomani yoki rad etish haqidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda subsidiya ajratishni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.

Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaat unga tushgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida ariza beruvchining sogʻligʻini baholash uchun shifokor jalb qilishga koʻmaklashmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq boʻlganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega boʻladi.

 

 

 

Oqqoʻrgʻon tumani Adliya boʻlimi

YUXKM bosh yuriskonsulti        N.P.Nazarimbetov