Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Qonunchiligimizda bola huquqlarining kafolati


Qonunchiligimizda bola huquqlarining kafolati

Mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan sog‘lom bolaning tug‘ilishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbir amalga oshildi va hozirda ham bu siyosat davom etmoqda.

Mamlaktimizda bolalarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mustahkam qonunchilik tizimi yaratilgan. Jumladan, Konstitutsiyamizning XIV bobi - oila, bolalar va yoshlar deb belgilanishi ham fikrimizning yorqin isboti hisoblanadi.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 78-moddasida: farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi belgilangan.

Barchamizga ma’lumki, 1948-yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. 1989-yil 20-noyabrda esa Bosh Assambleya rezolyusiyasi asosida “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya qabul qilindi. O‘zbekiston davlati bu konvensiyani 1992-yil
9-dekabrda ratifikatsiya qildi.

Bundan tashqari, 2008-yil 7-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Bu qonun bilan bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

Shuningdek, ushbu qonunda davlat bolaning shaxsi, uy-joy daxlsizligini,
xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson
qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qilinishini amalga oshirishi belgilandi.

Bola   huquqlari,   erkinliklari   va   qonuniy   manfaatlarini   himoya   qilish   tizimini yanada   takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta’sirchan tizimini yaratish maqsadida 2019-yil 22-aprelda yana bir huquqiy hujjat: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4296-son qarori qabul qilindi va unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)o‘rinbosari – joriy etildi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilishi natijasida mamlakatimizda bola huquqlari himoyasining tashkiliy va institutsional asoslari yanada mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilandi

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, davlatimizning bola huquqlarini himoya qilish yuzasidan Konstitutsiya va qonunlarda belgilab qo‘yilgan normalarni hayotga izchil tadbiq etish yo‘lida olib borayotgan siyosati Bolaga va uning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan. Biror bir bolaning huquqi sud organining asoslantirilgan qaroridan tashqari   hech bir organ   yoki mansabdor   shaxs tomonidan cheklanishi mumkin emas.

Chirchiq shahar adliya bo‘limi

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti T.T.Bektoshev