Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

BOQUVCHISINI YOʻQOTGANLIK PENSIYASINI OLISH


BOQUVCHISINI YOʻQOTGANLIK PENSIYASINI OLISH

 

Vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi olish huquqiga ega boʻladi. Bunda farzandlarga va ushbu shaxslarga pensiya ular boquvchining qaramogʻida turgan-turmaganidan qatʼi nazar tayinlanadi.

 Marhumning qaramogʻida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablagʻ manbaidan mahrum boʻlib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega boʻladilar.

 Quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz aʼzolari hisoblanadilar

 a) bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 16 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki 16 yoshdan katta boʻlsa ham 16 yoshga toʻlmasdan nogiron boʻlib qolgan boʻlsalar. Bunda aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi boʻlmasa;

 b) ota, ona, oʻgay ota, oʻgay ona, xotin, er, basharti, ular 7-moddada nazarda tutilgan pensiya yoshiga toʻlgan yoki nogiron boʻlsalar;

 v) yoshidan va mehnat qobiliyatidan qatʼi nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan taʼtilda boʻlish huquqini beradigan yoshga toʻlgunga qadar boqish bilan mashgʻul boʻlsa va ishlamasa;

 g) buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart boʻlgan kishilar boʻlmasa.

 

Oʻquvchilar 18 yoshga toʻlgunga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi olish huquqiga egadirlar.

Oʻgay oʻgʻil va oʻgay qiz, agar ular ota-onalaridan aliment olmagan boʻlsalar, haqiqiy farzandlar singari pensiya olish huquqiga egadirlar.

Oʻgay ota va oʻgay ona, agar vafot etgan oʻgay oʻgʻilni (qizni) 18 yoshga toʻlgunga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan yoki boqqan boʻlsalar, haqiqiy ota va ona singari pensiya olish huquqiga ega boʻladilar.

Koʻrsatib oʻtilgan oila aʼzolari, agar ular marhumning toʻliq boquvida boʻlgan yoki undan yordam olib turgan boʻlsalar, bu yordam ular uchun doimiy va asosiy kun kechirish mablagʻining manbai hisoblangan boʻlsa, marhumning qaramogʻida turgan deb hisoblanadilar.

 

Boquvchining pensiya olish huquqini beruvchi ish staji

 

Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan boquvchining oilasiga, shuningdek marhum pensionerning oilasiga pensiya boquvchining ish stajidan qatʼi nazar tayinlanadi.

 Agar, boquvchi vafot etgan kunga qadar unga nogironlik pensiyasi tayinlanishi uchun zarur ish stajiga ega boʻlgan boʻlsa, umumiy kasallik yoki ish bilan bogʻliq boʻlmagan mayiblanish oqibatida vafot etgan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanadi.

Umumiy kasallik oqibatida vafot etgan hamda nogironlik pensiyasini tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega boʻlmagan boquvchisini yoʻqotgan oila aʼzolariga pensiya boquvchining bor stajiga mutanosib ravishdagi miqdorda tayinlanadi.

 

Boquvchining oila aʼzolariga pensiyadan ulush ajratib berish

Oilaning pensiya olish huquqiga ega boʻlgan barcha aʼzolariga bitta umumiy pensiya tayinlanadi.

Oila aʼzosining talabi bilan uning pensiyadagi ulushi ajratilib, alohida toʻlanadi.

Pensiyadan ulush ajratib berish pensiyani boʻlish toʻgʻrisida ariza tushgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.