Янгиликлар
Qonunchilikdagi_yangiliklar
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (689-son, 17.11.2021-y.) bilan Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga muvofiq, genom boʻyicha davlat roʻyxati IIVning Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan yuritiladi.
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish – biologik materialdan foydalanish, odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani aniqlash uchun genomga oid axborotga ishlov berish bilan bogʻliq faoliyat.
Quyidagilar genom boʻyicha majburiy roʻyxatga olinadi:
▪️ ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat, 16 yoshga toʻlmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish va ularga uyatsiz harakatlar qilish bilan bogʻliq jinoyat sodir qilganlar;
▪️ ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilinganlar;
▪️ tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida biologik material olingan aniqlanmagan shaxslar;
▪️ tanib olinmagan murdalar.
Jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya xizmati genom boʻyicha majburiy roʻyxatga olinadigan shaxslar roʻyxatini shakllantiradi.
Genom boʻyicha ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatiga olish fuqarolarning yozma arizasiga koʻra pullik asosda amalga oshiriladi.