Янгиликлар
Qonunchilikdan yangiliklar
Tovarlar bojxona qiymati aniqlanmaganda, shartli bojxona qiymatini belgilash orqali chiqarib yuboriladi
Hukumat qarori (712-son, 24.11.2021-y.) bilan Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tovarlarni bojxona qiymatini aniqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, shartli bojxona qiymatini belgilash orqali tovarlarni chiqarib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni boʻlmaganda ular taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi asosida bojxona organlari tomonidan shartli ravishda chiqarib yuboriladi. Bunda bojxona organi tovarlarning shartli bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.
Shartli bojxona qiymatini belgilash orqali tovarlarni chiqarib yuborish deklarant xohishiga koʻra, jumladan, tovar-xomashyo birjalarining xorijdagi savdo maydonchalarida tuzilgan bitimlari boʻyicha tovarlarning yakuniy narxi aniq boʻlmaganda amalga oshirilishi mumkin.
Deklarant tovarlarni shartli bojxona qiymati asosida aniqlab, bojxona organlari axborot tizimi orqali bojxona organlariga murojaat etadi.
Shunga koʻra, bojxona organi deklarantni shartli bojxona qiymati haqida 1 ish kuni ichida xabardor qiladi.
Deklarant tegishlicha hisoblangan bojxona toʻlovlarini toʻlaydi.
Toʻlov amalga oshirilgach, bojxona organi 2 ish kunida tovarlarni shartli bojxona qiymati asosida rasmiylashtiradi.
Deklarant yakuniy bojxona qiymatini belgilash maqsadida maʼlum qilingan bojxona qiymatini asoslash uchun tovarlar chiqarib yuborilgandan soʻng 60 kunda zarur hujjatlarni taqdim etadi.
Hujjatlar 3 ish kunida oʻrganib chiqilib, bojxona qiymatini asoslash uchun yetarli deb topilgan taqdirda, deklarant xabardor qilinadi.