Янгиликлар
Bilasizmi
UY-JOY SOTIB OLISH UCHUN FUQAROLARGA SUBSIDIYA TOʻLASH TARTIBI
Subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlangʻich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar.
Ariza beruvchi — ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badal va (yoki) foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish maqsadida ariza bilan murojaat qiluvchi 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
Ariza beruvchi ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya olish uchun istalgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi.
Arizani koʻrib chiquvchi masʼul tashkilotlar:
tibbiyot birlashmasi;
ichki ishlar boʻlimi (boshqarmasi);
moliya boʻlimi;
davlat soliq inspeksiyasi;
aholi bandligiga koʻmaklashish markazi;
yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi;
tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari;
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining tuman (shahar) kengashi;
tuman (shahar) hokimligi;
ishtirok etuvchi tijorat banklari.
Taqdim etiladigan hujjatlar:
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotlari;
oila aʼzolarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotlari va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (toʻliq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud boʻlgan taqdirda) va (yoki) farzandlar tugʻilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlar mavjud boʻlgan taqdirda) nusxalari;
belgilangan tartibda nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb tan olinganligi toʻgʻrisida sud qarori (nikoh qayd etilgan holatda) yoki oilaviy holati toʻgʻrisida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari arxividan maʼlumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan holatda);
doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan kadastr raqami va turiga tegishli maʼlumotlar (agar turar joyi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi bilan toʻgʻri kelsa);
doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan uy daftarining yoki kvartiralar boʻyicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyi bilan toʻgʻri kelsa);
ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi va ushlab qolingan daromad soliqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma (qoʻshimcha daromadlar boʻlsa soliq deklaratsiyasi).
Davlat xizmatlari markazidan subsidiya berish toʻgʻrisida ijobiy xabarnomani olgan talabgor xabarnomada koʻrsatilgan sotib olinishi mumkin boʻlgan uy-joyning yuqori qiymatidan oshmagan qiymatli uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish boʻyicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi.
Subsidiyalar miqdori:
qishloq joylarda — birinchi besh yil davomida ipoteka krediti boʻyicha foiz toʻlovlari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga;
shaharlarda — boshlangʻich badalning bir qismini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun uy-joyning hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit boʻyicha foizlarni qoplash uchun — Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga toʻlanadi.
Asos: Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom