Янгиликлар
30
Adliya vaziri R. Davletov:
Adliya vaziri R. Davletov:
Yil tugayotgan lahzalarda, tabiiyki, har bir inson yoki jamoa bosib o‘tgan bir yil davomidagi yo‘lga nazar tashlaydi va sarhisob qiladi. Biz ham bu borada qisqacha axborotni havola qilmoqchimiz.
1. Adliya tizimi bir kunda o‘rtacha 70 ming fuqaroga xizmat ko‘rsatmoqda. Adliya organlari faoliyatini fuqaro ehtiyojiga qaratilgan tarzda tashkil qilish va aholini rozi qilish bizning majburiyatimiz. Buning uchun, avvalo, byurokratiyani qisqartirish aholining hayotini osonlashtirishda tez samara beradigan vositadir.
Birgina 73 turdagi ma'lumot va “spravka”larning bekor qilinishi natijasida yiliga o‘rtacha 5 mlndan ortiq fuqaroning ovora bo‘lishiga barham berildi, ularning 60 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i o‘zida qoldi.
FHDYO tizimida raqamlashtirishni tugatdik (60 mln hujjat), natijada fuqaro istalgan FHDYOga murojaat qilish mumkin, ya'ni eksterritorial prinsip yanada kengaydi. Kompozit xizmatlar kiritildi, tug‘ilganlik guvohnomasi bilan birga boshqa 4 ta xizmatni bir vaqtning o‘zida olish imkoniyati yaratildi.
“Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirildi va 17 mingdan ortiq elektron litsenziyalar berildi. Buning natijasida shuncha fuqarolarning davlat idoralarida sarson bo‘lishiga chek qo‘yildi.
Umuman olganda, o‘tgan yil davomida tizim tashkilotlari tomonidan aholiga 11 mln dan ortiq xizmatlari ko‘rsatildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi 159 ta davlat xizmatlari markazi binolari, chekka hududlarda 149 ta filiallar tashkil etildi.
Kelayotgan yildan 59 turdagi davlat xizmatini ko‘rsatish muddati o‘rtacha 2 baravar qisqartiriladi.
2. To‘lovlar qisqartirildi.
Kam ta'minlanganlar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari bo‘yicha har qanday to‘lovlar 50 foiz chegirma bilan ko‘rsatiladi. 6 turdagi davlat xizmati uchun to‘lovlar miqdori keskin kamaytirildi, ilgari to‘lov undirilgan 2 turdagi xizmat bepul ko‘rsatila boshlandi.
3. Bu yil Davlat rahbarining topshirig‘i bilan korrupsiyaga qarshi, shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash bo‘yicha 3 ta muhim hujjatni ishlab chiqishda Adliya vazirligi asosiy ijrochi bo‘ldi.
Ochiq ma'lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan 33 xil toifadagi ma'lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ularning ochiqlanishi jamoatchilikda mustaqil surishtiruvlar olib borish imkoniyatini oshiradi.
Adliya vazirligi ishlab chiqqan e-qaror.gov.uz tizimida hokimlarning barcha qarorlari (2021 yilda 80 mingta) e'lon qilinmoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama bo‘lgan keyslar (hokimlik xizmat avtomashinalari, majburiy obuna va h.k.) aynan “E-qaror” tizimi sharofati bilan jamoatchilik e'tiboriga tushib, bekor qilinmoqda. Jumladan, 1339 ta qaror “E-qaror” tizimini monitoring qilish orqali bekor qilindi.
4. Yer islohoti.
Noqishloq va qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishning hokimliklar aralashuvisiz, barcha uchun bir xil va shaffof bo‘lgan tartibi joriy etildi, bunda barcha qonunchilik paketini ishlab chiqish bo‘yicha asosiy ijrochi Adliya vazirligi bo‘ldi. Ochiq auksionning ilk natijalarini ko‘ra boshladik. Masalan, Sergelida 4 sotix yer e-auksion da 2 mlrd so‘mga sotilishi juda ahamiyatli voqea: bir tomondan bu ochiq savdoda yerning asl bozor narxi qayd etilayotgani bo‘lsa, boshqa tomondan pullar kimlarningdir cho‘ntagiga emas, davlat byudjetiga tushadi.
5.Hujjatlar ijrosini ta'minlash.
Prezident hujjatlarining ijrosini nazorat qilish adliya idoralariga yuklatilgandan keyin Adliya vazirligi bu boradagi ishlarini ham kuchaytirdi. Ijrosi paysalga solinayotgan 2800 ta topshiriqning ijrosi ta'minlandi. Hozirda Respublika miqyosida 3 mingdan ortiq Prezident hujjatlaridagi 60 mingdan ortiq topshiriqlar mavjud bo‘lib, shulardan 82,3% bajarilgan, 17,7 % ijro jarayonida.
Yuqoridagilar yil davomidagi faoliyatimizning ayrim jihatlari, xolos. Amalga oshirilgan ishlar haqida jamoatchilik oldida batafsil hisobotni keyingi yil boshida taqdim qilamiz.
Adliya idoralari o‘z faoliyatda yana nimalarga e'tibor qaratishi kerak, takliflaringizni sharhlarda yozing (https://www.facebook.com/100009585473646/posts/3026480701014749/?d=n).
Barchani yangi yil bilan tabriklaymiz va eng samimiy tilaklarni bildiramiz!
