Янгиликлар
So'ragan edingiz
NOTARIUS TOMONIDAN AVTOMOTOTRANSPORT VOSITALARINI BOSHQA SHAXSGA OʻTKAZISH SHARTNOMALARINI TASDIQLASH
Adliyaga savol:
Yaqinda avtotransport vositasi sotib olgan edim. Ijtimoiy tarmoq orqali avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun undiriladigan toʻlovlar bekor qilinganligi toʻgʻrisida eshitgandim. Notarius tomonidan avtotransport oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirganlik uchun toʻlov undirilishi qanchalik qonuniy?
Javob: Assalomu alaykum hurmatli fuqaro.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qarori (https://lex.uz/ru/docs/5109530) bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning maʼmuriy reglamenti 37-bandiga asosan bitimni tasdiqlashda notarius tomonidan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlariga asosan davlat boji va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlar miqdorlari doirasida huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilganligi uchun haq undiriladi.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi (https://www.lex.uz/docs/4680944) Qonunda notariuslar avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji stavkalari belgilangan.
Shuningdek, 2021-yil 30-dekabrda davlat rahbari tomonidan imzolangan “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunda 2022-yil 1-yanvardan boshlab avtomobilni sotib olganlik uchun undiriladigan yigʻim nazarda tutilmagan boʻlib, avvallari foydalanishda boʻlgan avtotransport vositalari boʻyicha ekspluatatsiya muddatidan kelib chiqib har bir ot kuchiga bazaviy hisoblash miqdori foizi hisobida (yengil avtomobillar uchun BHMning 6%dan 11% gacha) yigʻim undirilar edi.
Hozirda ushbu tartib bekor boʻlgan boʻlsada, notarial idoralarda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun amalga oshiriladigan davlat boji boʻyicha qonunchilikka oʻzgarish kirgani yoʻq.
Javob berdi: Toshkent viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy xizmat koʻrsatishni davlat tomonidan tartibga solish boʻlimi bosh maslahatchisi Sh.Sattarov