Янгиликлар
Qonunchilikdan yangiliklar
Hukumat qarori (17-son, 11.01.2022-y.) bilan Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom taqdiqlandi.
Nizom texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orali OTMning 2-bosqichidan oʻqishini davom ettirish uchun qabul qilish tartibini belgilaydi.
Oʻqishga qabul qilish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshirilib, toʻlov miqdori bir talabani oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun oʻqish davrida oʻquv semestrlari yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)”, biroq oʻzlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy taʼlim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (aʼlo)” boʻlgan bitiruvchilar kiradi.
Nizomga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan bitiruvchilarni OTM bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga kirish imtihonlarisiz, suhbat orqali qabul qilish tartibi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi.
Bitiruvchilar har yili 5-iyuldan 25-iyulgacha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtadi.
Bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlari har yili 5-avgustgacha oʻrganib chiqiladi va natijalar boʻyicha abituriyentlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi.
Suhbat jarayoni toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga ovozli tarzda onlayn translyatsiya qilib boriladi.
Suhbat jarayoni har yili 10-avgustdan 25-avgustgacha, OTM tomonidan belgilangan muddatda oʻtkaziladi.
Suhbat oʻtkazish muddatlari suhbat jarayonlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin OTMning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Suhbat jarayoniga jamoatchilik vakillari ham xolis kuzatuvchi sifatida jalb etilishi mumkin.
Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu oʻquv yili uchun qayta suhbat oʻtkazilmaydi.
Oʻrtacha 67 va undan yuqori ball olgan abituriyent suhbatdan oʻtgan hisoblanadi.
Suhbatdan oʻtganlar roʻyxati shu kunning oʻzida abituriyentlarga oʻqib eshittiriladi.
Talabalikka tavsiya etilganlar shartnoma toʻlovi amalga oshirilgandan soʻng 10 kun muddatda oʻqishga qabul qilinadi.
Ushbu Nizom oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.