Янгиликлар
Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi belgilandi
Yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (71-son, 14.02.2022-y.) bilan Oʻzbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishga doir maʼmuriy reglament tasdiqlandi.
Maʼmuriy reglamentga koʻra, yer uchastkalarini xususiylashtirish boʻyicha davlat xizmatlari DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali koʻrsatiladi.
Bunda ariza toʻldirilib, unga quyidagilar ilova qilinadi:
ishonchnoma (ariza beruvchining vakili murojaat qilganda);
yer uchastkasini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qaror (ariza beruvchi – yuridik shaxs boʻlsa).
Ariza tuman (shahar) qurilish boʻlimi, kadast filiali tomonidan koʻrib chiqilishi uchun “Yerxususiylashtirish” axborot tizimiga yuboriladi.
Kadastr filiali ariza tushgan kundan 5 ish kunida maʼlumotlarni tekshiradi.
Tuman (shahar) qurilish boʻlimi 3 ish kunida yer joylashgan hududning (aholi punkti yoki ular orasidagi hududni) rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish toʻgʻrisidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlarga yer uchastkasi joylashuvining muvofiqligini koʻrib chiqadi.
“Yerxususiylashtirish” axborot tizimida ariza natijalari boʻyicha (kelishilganligi yoki rad etilganligi) xabarnoma shakllantirilib, ariza beruvchiga yuboriladi.
Shunga koʻra, ariza beruvchi 10 ish kunida yerni sotib olish toʻlovini amalga oshiradi.
Toʻlov oʻz vaqtida toʻlanganda, yerga mulk huquqini beruvchi davlat orderi shakllantiriladi.
Kadastr boshqarmasi order asosida 2 ish kunida yerga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va undan koʻchirmani ariza beruvchiga yoki DXMga yuboradi.
Davlat xizmatlari koʻrsatish uchun BHMning 10 foizi (27 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.
YAIDXP orqali xizmat koʻrsatilganda yigʻim miqdori 24 300 soʻmni tashkil etadi.
Yigʻimlar va xususiylashtirilayotgan yer uchastkasining sotib olish qiymati toʻlanganligi tasdigʻi “Yerxususiylashtirish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Reglament kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.