Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Qonunchilokdan yangiliklar


Xorijda ishlayotgan fuqarolar va ularning oila aʼzolariga moddiy yordam beriladi

 

“Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–149-son, 01.03.2022-y.) qabul qilindi

 

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-iyundan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya hamda Qozogʻistonning tegishli hududlarida (12 ta) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.

 

Mazkur hududlarning har biriga kamida 2 nafar vakil biriktiriladi.

 

2022-yil 1-maydan har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan:

 

 boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

 

 mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” (daftarlar)dan biriga kiritilgan, nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming soʻm) miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;

 

 mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Oʻzbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma beriladi.

 

Shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida roʻyxatda boʻlgan yoki “daftarlar”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar beriladi.

 

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mablagʻlari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila aʼzolariga yordam pullari va yoʻllanmalar berishda:

 

   yordam pullari va yoʻllanmalar basharti mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Labor migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa beriladi;

 

   talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Labor migration” dasturiy majmuasi orqali elektron murojaat qiladi.

 

Qarorga koʻra, xorijda vaqtinchalik ishlayotgan va taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Xorijdagi yoshlar balansi” shakllantirilib, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritib boriladi.

 

2022-yil 1-martdan “daftarlar”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham 10 million soʻmgacha miqdorda bir yil muddatga miqroqarzlar beriladi.

 

Shuningdek, 2023-yil 1-yanvargacha quyidagilar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlanadi:

 

  xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravari (810 ming soʻm) miqdorida;

 

   yoʻl chiptasini xarid qilish boʻyicha – BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida;

 

   “ishchi viza”ni rasmiylashtirish boʻyicha – BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming soʻm) miqdorida.