Янгиликлар
Qonunchilokdan yangiliklar
Adliya tizimi yanada ixchamlashtirildi
“Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, adliya tizimida yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qoʻshildi.
● Natijada boshqaruv xodimlari soni 110 taga, yaʼni 2,2 foizga (birgina markaziy apparat 10 foizga yaʼni 356 tadan 320 taga) qisqartirildi.
● Vazirlik tizimidagi bir-birini takrorlovchi vazifalar 35 tadan 23 taga (34 foizga) va funksiyalar esa 388 tadan 215 taga (46 foizga) qisqardi.
Hududlardagi Davlat xizmatlari boshqarmalari hamda Intellektual mulk markazlari hududiy adliya boshqarmalari tarkibiga oʻtkazildi.
Tumandagi davlat xizmatlari markazlari, FHDYO organlari va yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tuman adliya boʻlimlari bilan birlashtirilib, bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona Adliya boʻlimlariga aylantiriladi, uning tarkibida intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha alohida masʼullar faoliyat yuritadi.
Farmon bilan Adliya vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda raqamlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida bir-biriga bogʻliq boʻlgan davlat xizmatlarini, jumladan koʻchmas mulk hamda manzilga roʻyxatga qoʻyish, nogironlik va turli kasalliklarga oid nafaqalar tayinlashni kompozit tarzda, yaʼni bir vaqtda koʻrsatish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 1990-2016-yillar oraligʻida qabul qilingan Hukumat qarorlari xatlovdan oʻtkazilib, fuqarolarga va tadbirkorlarga yengillik yaratish nuqtai-nazaridan qayta koʻrib chiqiladi.
Farmonga koʻra, “ye-shartnoma” tizimi yagona elektron portali yaratiladi. Tizim orqali tadbirkorlar onlayn ravishda turli shartnoma namunalarini bepul olishi mumkin boʻladi.
Xalq deputatlari kengashlarining hududlardagi islohotlar ustidan nazoratini kuchaytirish maqsadida deputatlik nazoratining yangi shakli – “kengash soʻrovi” joriy etiladi.
2023-yildan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini Yagona bazada jamlash tartibi joriy qilinadi.