Янгиликлар
Ichki ishlar xodimi qanday hollarda elektroshok qurilmalarini qoʻllash huquqiga ega?
Ichki ishlar xodimi qanday hollarda elektroshok qurilmalarini qoʻllash huquqiga ega?
“Ichki ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasiga (https://lex.uz/docs/3027843#3028089) muvofiq, ichki ishlar organi xodimi quyidagi hollarda elektroshok qurilmalarini qoʻllash huquqiga ega:
fuqaroga yoki ichki ishlar organi xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;
jinoyatga yoki maʼmuriy huquqbuzarlikka chek qoʻyishda;
ichki ishlar organi xodimiga qarshilik koʻrsatilishiga chek qoʻyishda;
jinoyatni sodir etish chogʻida yoki uni sodir etganidan keyin darhol koʻrib qolingan, yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;
ushlab turilgan shaxslarni va qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni olib borish, qoʻriqlab borish va qoʻriqlashda, shuningdek qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki oʻziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;
fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qoʻyishda.
Kimlarga nisbatan elektroshok qurilmalarini qoʻllab boʻlmaydi?
Elektroshok qurilmalarini:
▫️ homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga;
▫️nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga;
▫️yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan qoʻllash taqiqlanadi.
Bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, guruh boʻlib hujum qilganligi hollari mustasno.
Elektroshok qurilmalarini qoʻllash shartlari
Elektroshok qurilmalarini qoʻllanilishidan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak.
Faqatgina, ushbu ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoxud ularning qoʻllanilishini kechiktirish fuqarolarning va ichki ishlar organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiradigan hamda boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Elektroshok qurilmalarini qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda ichki ishlar organi xodimi har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.
Elektroshok qurilmalarini qoʻllanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam koʻrsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam koʻrsatish choralari koʻrilishi, ularning qarindoshlari esa 24 soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.
Mazkur vositaning qoʻllanilishi uchinchi shaxslarning hayoti, sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi va mol-mulkiga zarar yetkazmasligi kerak.