Янгиликлар
Qonunchilikdagi_yangiliklar
Ayrim nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi
“Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–230-son, 29.04.2022-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan:
oilaviy bolalar uylarining saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratishda bir nafar tarbiyalanuvchiga toʻgʻri keladigan xarajatlar hamda bolalar sonidan kelib chiqib, zarur mablagʻlar kommunal xarajatlar bilan birga ota-onalar nomiga ochilgan bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi;
jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda hamda nogironligi boʻlgan bolalar kasb-hunar maktablarida ishlovchi texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorda ustamalar toʻlanadi.
Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi orqali badiiy adabiyotlar bilan muntazam taʼminlash uchun har yili 5 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
2023-2025-yillarda 10 ta hududda reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan “Imkon” koʻp tarmoqli ixtisoslashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish choralari koʻriladi.
Qarorga koʻra:
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ularga davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olib berilgan uy-joylarni mulkka egalik qilish huquqi asosida oʻz nomiga rasmiylashtirishda notarius va kadastr xizmatlari uchun (oldi-sotdi shartnomasi va koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish) davlat boji toʻlashdan ozod etiladi;
yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga davlat OTMda oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari xarid qilish uchun mablagʻ ajratish amaliyoti nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga ham tatbiq etiladi;
2022-yil 1-iyundan “Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv taʼlim asosida kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (540 ming soʻm) miqdorida har oylik stipendiya toʻlab beriladi.
2022-yil 1-maydan “Saxovat” uylarida yashovchi zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun har oyda tegishli nafaqa miqdorining 20 foizini toʻlash tartibi joriy qilinadi.
Qarorga koʻra, Afgʻon urushida ishtirok etgan nogironligi boʻlgan jangchi-faxriylar individual oʻlchovlar asosida tayyorlanadigan tegishli zamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan taʼminlanadi.
2023-yil 1-yanvardan:
I va II guruh nogironligi uchun pensiya tayinlangandan keyin ishlagan fuqarolarning ish staji va ish haqini hisobga olgan holda, nogironlik pensiyasi miqdorlari har ikki yilda qayta hisoblanadi;
hududiy jamoat fondlari hisobidan Oʻzbekiston nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston karlar jamiyati hamda Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalariga davlat subsidiyasi ajratiladi.
Shuningdek, 2022-2023-yillarda davlat ijtimoiy muassasalarining qurish va taʼmirlash hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 600 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.