Янгиликлар
Qonunchilikdagi_yangiliklar
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim fuqarolarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi
“Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–258-son, 25.05.2022-y.) qabul qilindi
Qarorga koʻra, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi:
yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila aʼzosiga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – 300 ming soʻmdan;
Toshkent shahrida – 400 ming soʻmdan.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam taʼminlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga toʻlmagan bolasiga – 200 ming soʻmdan.
Bir nechta toifa boʻyicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa boʻyicha toʻlab beriladi.
Uyida vaqtincha boʻlmaganligi yoki boshqa sabablarga koʻra bir martalik moddiy yordam pullarini oʻz vaqtida ololmagan fuqarolar toʻlanmagan moddiy yordam pullarini 2022-yil 1-sentyabrgacha olish huquqiga ega.
Qarorga koʻra, “Temir daftar”ga kiritilgan hamda bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar roʻyxati shakllantirilib, ushbu oilalarning har bir aʼzosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatiladi.