Янгиликлар
Qonunchilikdagi_yangiliklar
Fuqaroviy qurol va uning oʻq-dorilarini hadya etish taqiqlandi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-772-son, 31.05.2022-y.) bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, prokuratura organlari xodimlari xizmat qurolini va shaxsiy himoya vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish huquqiga egaligi belgilandi (ilgari faqatgina olib yurishi mumkinligi koʻrsatilgan).
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, oʻqotar ov qurolini, pnevmatik ov qurolini hamda uning oʻq-dorilarini haqini toʻlash sharti bilan olib qoʻyish yoki musodara qilish asosiy tirikchilik manbai ovchilik boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin emasligi belgilandi.
Ov qilish va baliq ovlash, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi.
Shu bilan birga, “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, Oʻzbekiston hududida fuqaroviy qurol va uning oʻq-dorilarini hadya etish taqiqlandi.
Fuqarolar va maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarning xodimlari qurolga egalik qilishga qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligi yuzasidan davriy tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Qonun bilan shuningdek, xizmat quroliga hamda fuqaroviy qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar roʻyxatlari belgilandi.