Янгиликлар
Qonunchilikdagi_yangiliklar
Jazoni ijro etish tizimi xodimlarining xizmatni bodikameralar bilan oʻtash tartibi belgilandi
Hukumat qarori (445-son, 15.08.2022-y.) bilan Jazoni ijro etish tizimi xodimlarining shaxsiy videoregistratorlar (bodikameralar) bilan taʼminlangan holda xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi
Nizomga koʻra, har kunlik ish faoliyatini olib borayotgan yoki kunlik xizmatga jalb etilgan xodim mahkumlarni uzluksiz nazorat qilish hamda ular tomonidan jinoyat va tartibbuzarliklar sodir etilishini aniqlash uchun bodikameralar bilan taʼminlanadi.
Bodikamera quyidagi hollarda ishlatiladi:
kun tartibidagi tadbirlarni amalga oshirishda;
umumiy va kunlik tintuvlar oʻtkazish hamda koʻzdan kechirish jarayonida;
mahkumlarni JIEMga qabul qilishda;
jinoyat va tartibbuzarliklar sodir etilganda;
mahkumlarning xulq-atvorini nazorat qilishda;
mahkumlardan taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, narsa va buyumlar olinganda;
mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch, maxsus vositalar hamda tinchlantirish koʻylagini qoʻllash chogʻida;
mahkumlarni ishga olib chiqish va undan qaytishda;
mahkumlar va fuqarolarni qabul qilish jarayonida;
fuqarolardan olingan yoʻqlovlarni qabul qilishda hamda posilka yoki yoʻqlov va banderollarni tarqatish vaqtida;
mahkumlarning ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqishda;
mahkumlarning uchrashuvlarini oʻtkazish jarayonida;
mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo va ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilayotgan vaqtda hamda mahkumlar intizomiy boʻlinmaga kiritilayotganda va chiqarilayotganda;
mahkumlarning insonparvarlik dalolatnomalarini koʻrib chiqish davrida.
Bodikamera xodim xizmat vazifasini bajarishga kirishganidan boshlab ishga tushirilishi va naryadni topshirguniga qadar ishlatilishi lozim (xizmat vazifasi bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarni bajarish vaqti bundan mustasno).
Xizmat vazifasini bajarish davomida bodikameraning obyektivi har qanday holatda toʻsilishi mumkin emas.
Bodikameradan shaxsiy maqsadlarda foydalanish, uni boshqa xodimlar, mahkumlar va boshqa shaxslarga berish hamda oʻz xohishi bilan oʻchirib qoʻyish taqiqlanadi. Bodikamera xizmat vaqtida doimo ishchi holatda boʻlishi shart.
Mahkum tomonidan xodimga xizmat davomida berilgan bodikameraga ziyon yetkazish, uni olib qoʻyishga urinish taqiqlanadi.
Shuningdek, mahkumlar bilan bodikamera orqali yozib olingan suhbatlarni Internetga joylashtirish, mahkumning oila aʼzolariga va boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.