Янгиликлар
Oʻzbekistonda xodimlar mehnat qonunchiligiga asosan bayram arafasida alohida kafolatga ega boʻladilar.
Oʻzbekistonda xodimlar mehnat qonunchiligiga asosan bayram arafasida alohida kafolatga ega boʻladilar.
Mehnat kodeksining 121-moddasiga koʻra, bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun kamida 1 soatga qisqartiriladi. Yaʼni bugun barcha tashkilot xodimlari (bu qoida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barchaga yaʼni byudjet va xususiy korxonalarga ham taalluqli) kamida 1 soat ertaroq ketishlari mumkin.
Mehnat kodeksida kamida deb yozilgan! Chunki jamoa shartnomasida, korxonaning boshqa lokal hujjatida bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun ikki soatga qisqartirilishi mumkinligi ham nazarda tutilishi mumkin. Bu gʻayriqonuniy hisoblanmaydi.
Shuning uchun ham jamoa shartnomasini bir qarab chiqish foydadan xoli boʻlmaydi.
Chunki Mehnat kodeksining 4-moddasiga koʻra, xodimlar uchun mehnat huquqlarining va kafolatlarining eng past darajasi qonunlar bilan belgilab qoʻyiladi.
Qonunlardagiga nisbatan qoʻshimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yoʻsinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.
Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʻlsa, bundan bila turib gʻayriqonuniy ishdan boʻshatish mustasno, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Yuqori Chirchiq tuman adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi J.Zokirov