Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Mobil-ID tizimi turli byurokratik toʻsiqlarga, maʼmuriy sansalorliklarga barham beradi



Mobil-ID tizimi turli byurokratik toʻsiqlarga, maʼmuriy sansalorliklarga barham beradi

 

Mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatishda korrupsiyaning oldini olish, byurokratik va maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 20-apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Bugun davlat xizmatlari koʻrsatishda zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillardan voz kechilayotgani, inson omilini qisqartirib, qogʻozbozlikka barham berish orqali xizmatlar darajasini yuksaltirish talab etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-avgustda “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Mobil-ID tizimida identifikatsiyalash, tizimdan foydalanish va identifikatsiyani bekor qilishni tartibga soluvchi Nizom tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra Mobil-ID tizimi — interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatishda foydalanuvchini roʻyxatga olish, identifikatsiyalash, autentifikatsiyalash, verifikatsiya qilish hamda idoralararo elektron hamkorlik qilishda foydalanuvchilar bilan aloqani taʼminlashga moʻljallangan mobil telefon raqamiga bogʻlangan identifikatsiya tizimi hisoblanadi.

Shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita Davlat xizmatlari markazi yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi.    Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi.

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi.

Foydalanuvchilar Mobil-ID tizimida identifikatsiyadan oʻtgandan keyin “Tasdiqlangan foydalanuvchi” maqomini oladi va barcha elektron davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʻladi. Kreditlash sohasida koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar bundan mustasno.

Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligini alohida eslatib oʻtmoqchimiz. Shuningdek, Mobil-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan oʻtishda bevosita maʼlumotlarni yigʻish punktiga kelib murojaat etganda 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmaydi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida toʻlov undiriladi. YAIDXPning mobil ilovasi orqali murojaat qilinganda bepul amalga oshiriladi.

Endilikda Mobil-ID tizimidan hech narsani yashirib boʻlmaydi. Barcha harakatlar mazkur tizimda mujassam boʻladi. Bu esa byurokratik toʻsiqlarga, maʼmuriy sansalorliklarga, turli qogʻozbozliklarga chek qoʻyadi, degani.

 

Xurshid Prnazarov,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

boʻlim boshligʻi