Янгиликлар
Qonunchilikda yangiliklar
Oliy taʼlim tashkilotlarida masofaviy taʼlimni joriy etish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (559-son, 03.10.2022-y.) bilan “Oliy taʼlim tashkilotlarida masofaviy taʼlim shaklini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan masofaviy taʼlim orqali oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilandi.
Buning uchun taʼlim tashkilotida quyidagilar boʻlishi talab etiladi:
masofaviy taʼlimni boshqarish uchun “Learning Management System” platformasi;
internetga ulanish va foydalanish uchun axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi;
oʻquv yili uchun moʻljallangan oʻquv kontenti;
fanlarning elektron oʻquv-metodik majmualari hamda ilmiy va oʻquv adabiyotlarining elektron bazasi;
kompyuter texnikasi bilan jihozlangan alohida bino yoki auditoriyalar;
texnik va dasturiy komponentlar ishlashini taʼminlaydigan muhandis-texnik xodimlar;
taʼlim tashkilotiga tegishli boʻlgan, mamlakat hududida joylashgan server qurilmasi;
taʼlim tashkiloti toʻgʻrisidagi barcha axborotlar joylashtirilgan rasmiy veb-sahifa.
Masofaviy taʼlim joriy etish mumkin boʻlmagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili 1-aprelgacha eʼlon qilinadi.
Masofaviy taʼlim asosida kadrlar tayyorlashda bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi 300 nafar, bir magistratura mutaxassisligi 30 nafar talabadan ortiq boʻlmasligi lozim.
Bunda:
mazkur talab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishlariga tatbiq etilmaydi;
talabalar sonini aniqlashda xorijiy davlat fuqarosi boʻlgan talabalar hisobga olinmaydi.
Masofaviy taʼlimda oʻqishga qabul qilingan talaba quyidagi hollarda oliy taʼlim tashkilotiga kelishi shart:
oʻquv jarayoni boshlanishidan avval – LMS platformasida roʻyxatdan oʻtish uchun;
har semestr yakunida – yakuniy nazorat topshirish oʻtish uchun.
Shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy va magistrlik ishi himoyasi bevosita oliy taʼlim tashkilotida anʼanaviy tarzda amalga oshiriladi, ularni sinxron yoki asinxron rejimida qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Masofaviy taʼlim shakli toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.