Янгиликлар
Qonunchilikda yangiliklar
Kimyoviy texnologik ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi
“Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–388-son, 10.10.2022-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan mahalliy mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash orqali yangi turdagi kimyo va gaz-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, sohaga mahalliy va xorijiy toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish maqsad qilindi.
Kimyoviy texnologik ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun quyidagi texnologik klasterlar tashkil etiladi:
“Navoiy kimyo texnoparki”;
“Fargʻona kimyo texnoparki”;
“Qoraqalpogʻiston kimyo texnoparki”.
2023-yil 1-aprelga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda “Navoiyazot” AJda texnik kompleks oʻrganish ishlari oʻtkaziladi hamda 2023-yil 1-avgustga qadar birlamchi bozor holatini oʻrganish yakunlanadi.
2023-yil 1-sentyabrga qadar “Navoiyazot” AJda oʻtkazilgan texnik kompleks oʻrganish va birlamchi bozor holatini oʻrganish natijalari asosida jamiyatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Navoiy vilyati hokimligi tomonidan 2023-yil 30-iyunga qadar mazkur qaror bilan toifasi oʻzgartirilayotgan sugʻoriladigan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi yerlar oʻzlashtirilishi taʼminlanadi.