Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

24

Jamoa shartnomasi va kelishuvi mehnatga oid munosabatlarni tartibga soladi


Jamoa shartnomasi va kelishuvi mehnatga oid munosabatlarni tartibga soladi

 

Bozor munosabatlariga oʻtish va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida korxonalarda xodimlar bilan ish beruvchilar oʻrtasidagi mehnatga oid munosabatlarni shartnomalar asosida tartibga solish, ijtimoiy sherikchilik tamoyilini rivojlantirish jamoa shartnomasi va kelishuvlari orqali amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 29-moddasida jamoa shartnomasi — korxonada ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatligi, jamoa shartnomalari va kelishuvlari xodimlar bilan ish beruvchilarning mehnatga oid munosabatlarini shartnoma asosida tartibga solishga va ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muvofiqlashtirishga yordam berish maqsadida tuzilishi belgilab qoʻyilgan.

Har ikkala tarafning qonunchilik normalariga amal qilishi, taraflar vakillarining vakolatliligi va teng huquqliligi, jamoa shartnomalari hamda kelishuvlari mazmunini tashkil etuvchi masalalarni tanlash va muhokama erkinligi, majburiyatlar olishning ixtiyoriyligi, olinayotgan majburiyatlarning haqiqatda bajarilishini taʼminlash, tekshirib borishning muntazamligi, javobgarlikning muqarrarligi jamoa shartnomalari va kelishuvlari tuzishning asosiy prinsiplari hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 31-moddasiga binoan esa, har qaysi taraf jamoa shartnomasi, kelishuvini tuzish va oʻzgartirish yuzasidan muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqishga haqli.

Kasaba uyushmasi, xodimlarning boshqa vakillik organi oʻzlarini vakil qilgan xodimlar nomidan muzokaralar olib boradi. Jamoa shartnomasiga, kelishuviga oʻzlarini vakil qilgan xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi ilovalar taklif etishi va ularni imzolashga haqli ekanligi belgilab qoʻyilgan.

Agar xodimlar tomonidan bir vaqtning oʻzida xodimlarning bir nechta vakillik organi qatnashayotgan boʻlsa, ular muzokaralar olib borish, jamoa shartnomasi yoki kelishuvining yagona loyihasini ishlab chiqish va bunday shartnoma yoki kelishuvni tuzish uchun birlashgan vakillik organini tashkil etadilar.

Jamoa shartnomasi, kelishuvini tuzish, oʻzgartirish va toʻldirish uchun ish beruvchi, ish beruvchilar birlashmasi (ularning vakillari) bilan kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari oʻrtasida muzokaralar olib boriladi. Zarur hollardagina muzokaralarda ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirok etadi.

Ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari koʻrib chiqish uchun taklif etgan mehnatga oid va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan muzokaralar olib borishga majburdirlar. Tegishli yozma xabar olgan taraf yetti kunlik muhlat ichida muzokaralarga kirishishi shart.

Avvalgi jamoa shartnomasi, kelishuvining amal qilish muddati tugashiga qadar uch oy mobaynida yoki bu hujjatlar bilan belgilab qoʻyilgan muddatda har qaysi taraf boshqa tarafga yangi jamoa shartnomasini, kelishuvini tuzish yuzasidan muzokaralar boshlash toʻgʻrisida yozma xabar beradi.

 

 

Botir Nuriddinov,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

Inson resurslari boʻlimi boshligʻi