Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz birdek masʼulmiz


Korrupsiyaga qarshi kurashishda barchamiz birdek masʼulmiz

 

Korrupsiya — har qanday jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Korrupsionerning yagona maqsadi davlat qonunlarini aylanib oʻtib, katta miqdorda moddiy boylikka ega boʻlish. Oddiy til bilan aytganda, har qanday pora olish, berish va unda vositachilik qilish, mansab vakolatidan suisteʼmol  qilish, mansab vakolatidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab vakolatidan foydalanib talon-taroj qilishning barchasi bu korrupsion jinoyatlarni tashkil qiladi.

Korrupsiyaga va boshqa turdagi jinoyatlar hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning profilaktikasi, qonunga xilof har qanday hatti-harakatga jazoning muqarrar ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Soʻnggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim huquqiy asoslari yaratildi. Jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga, aholining huquq va manfaatlari himoya qilishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligiga yoʻnaltirilgan tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi 5 yil davomida davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan 80 dan ortiq, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

2017-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinishi, respublikada korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi davrini boshlab berdi. Mazkur qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida Prezidentning 2020-yil 29-iyundagi PQ-4761-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Har yili korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturlarini qabul qilish orqali ushbu yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni belgilab olish amaliyoti joriy etildi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri berish amaliyoti bekor qilinib, yerlarni faqat auksion orqali sotish yoʻlga qoʻyildi.

“Korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish tartibi joriy qilindi. Mazkur sohada adliya organlari tomonidan ham tizimli va izchil ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida kadrlarni tanlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, nomzodlarni ishga qabul qilish va lavozimga tayinlash tanlov asosida tashkil qilingan boʻlib, tanlov jarayonlari audio va videoyozuvlarda qayd etilgan holda vazirlikning rasmiy veb-saytlarida real vaqt rejimida translyatsiya qilib boriladi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini koʻrsatishing yangi shakllari joriy qilinishi natijasida 17 ta davlat xizmatini kompozit tarzda koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Maʼlumki, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra Adliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi. Aholi oʻrtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʻibotga doir faoliyatni amalga oshiradi. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ularning loyihalaridagi korrupsiya uchun shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash maqsadida ushbu hujjatlar va loyihalarning tahlilini amalga oshiradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi yoʻnalishida boshqarma tomonidan joriy yilning 9 oyi mobaynida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha 108 ta takliflar ishlab chiqilib, Adliya vazirligiga yuborilgan boʻlsa, shundan, 9 tasi korrupsiyani oldini olishga qaratilgan takliflar hisoblanadi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 10-maydagi 19-2019-B-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida Nizomning 38-bandida “Oʻrganish natijasiga koʻra murojaat qilgan shaxs band boʻlmagan hollarda unga uning tomorqa yeriga mos keladigan yengil konstruksiyali issiqxona oʻrnatish va (yoki) urugʻliklar, koʻchatlar yoxud sugʻorish vositalari xarid qilinishi boʻyicha aholini bandligiga koʻmaklashish markazi (ABKM)ning masʼul xodimi yetkazib beruvchi tashkilot, ABKM va tomorqa yer egasi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzish choralarini koʻradi.

Bunda, tomorqa yer egasining ehtiyojidan kelib chiqqan holda bitta oila uchun uch yoʻnalishlardan biri uchun uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Amaliyotda uch tomonlama shartnoma tuzishda yetkazib beruvchi tashkilot, ABKM hamda hokimlik xodimlariga aloqadorlik holatlari uchramoqda. Bu esa tanish-bilishchilik va manfaatlar toʻqnashuviga olib kelmoqda.

Misol uchun, Piskent tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolarga yengil tipdagi issiqxona qurish uchun subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi 24 ta shartnoma Piskent tuman ABKMda muqaddam ishlagan fuqaroga tegishli boʻlgan yetkazib beruvchi tashkilot bilan tuzilgan.

Yuqoridagidan kelib chiqib, yetkazib beruvchi tashkilotni tanlab olishda ochiq elektron tanlov asosida tanlab olish bosqichini kiritish yuzasidan taklif kiritilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ularning loyihalaridagi korrupsiya uchun shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash yoʻnalishida normativ hujjatlarda korrupsiyaviy omillarni aniqlashda, soʻzlarning notoʻgʻri qoʻllanilishi, noaniq va asossiz havolalar keltirilganligi, normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida ziddiyatlarning mavjudligiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Joriy yilning bugungi kun holatiga koʻra Toshkent viloyatida jami 53 ta, shundan 40 tasi Toshkent viloyati va tuman shahar hokimliklarining, 13 tasi Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazildi.

Bundan tashqari, hukumat qarori bilan 2021-yilning 1-iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi joriy qilinib, hozirda, elektron tizimi orqali mahalliy davlat hokimiyati organlarining 14 ming 41 ta qaror, 8 ming 256 ta farmoyish va 2 ming 749 ta Xalq deputatlari Kengashlar qarorlari qabul qilingan boʻlib, boshqarma tomonidan muntazam ravishda monitoringlar olib borilmoqda.

Monitoring natijasida normativ tusdagi qarorlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazmasdan qabul qilingan qarorlar boʻyicha jami 48 ta noqonuniy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi aniqlanib, ularning 25 tasi taqdimnomalar asosida va 23 tasi sud qarorlari asosida bekor qilingan.

Misol uchun, Parkent tumani hokimining 2022-yil 21-apreldagi “Parkent tumani Boyqozon mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi ichki “Vatanparvar” va “Shabbona” (Muxammad Yusuf) koʻchalariga “Tezlikni cheklash” yoʻl belgisini oʻrnatishga ruxsat berish toʻgʻrisida”gi 49-10-141-F/22–son farmoyishi Vazirlar Mahkamasining 24.12.2015-yildagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl harakati Qoidalari”i 78-bandiga asosan normativ xususiyatga ega boʻlgan qaror boʻlsada, tuman adliya boʻlimida tomonidan ekspertizadan oʻtkazilmasdan hamda tegishli xulosa olinmasdan, normativ xarakterga ega boʻlmagan farmoyish shaklida qabul qilingan.

Korrupsiyaga qarshi eʼlon qilingan kurash — Yangi Oʻzbekiston — ochiq Oʻzbekiston amaliyotiga bugun toʻliq mos keladi. Har qanday davlat tashkilotlari va tadbirkorlikning barcha boʻgʻinlarida korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borish bu illatni tag-tugi bilan yoʻqotish imkonini beradi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat davlat organlari balki jamiyatimiz aʼzolarining barchasi birdek masʼul ekanligini esdan chiqarmasligimiz lozim.

 

Azizxon Sharafutdinov,

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

boʻlim boshligʻi