Янгиликлар
Qonunchilikdagi yangiliklar: islohot, natija, samara
Qonunchilikdagi yangiliklar: islohot, natija, samara
2021-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning maqsadida yagona elektron — “E-qaror” tizimi ishga tushirildi.
“E-qaror” elektron tizimi orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, ularga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va avtomatik tarzda eʼlon qilish jarayonini boshqarish va nazorat qilish, shu jumladan, zarurat tugʻilganda manfaatdor idoralar tomonidan loyihalarga elektron koʻrinishdagi viza qoʻyilishi imkoniyati yaratildi.
2021-yilning mart oyidan boshlab Qashqadaryo viloyatidan soʻng, Toshkent vioyatida ham “E-qaror” elektron tizimi tatbiq etila boshlandi.
2021-yilning 16-mart kunidan Boʻstonliq tuman hokimligining qarorlari “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqish, manfaatdor tashkilotlar bilan kelishish, qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va eʼlon qilish yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda, “E-qaror” elektron tizimi orqali tuman hokimining 477 ta qarori, 329 ta farmoyishi hamda 137 ta Xalq deputatlari Boʻstonliq tuman Kengashining qarorlari qabul qilinib, eʼlon qilingan.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, “E-qaror” elektron tizimi orqali hokimlik qarorlari elektron tizim orqali kelishilib, imzolanadi. Buning natijasida ortiqcha qogʻozbozlikka barxam berilib, qogʻoz tejamkorligiga olib keldi. Xususan, yiliga respublika boʻyicha taxminan 600-700 mingga yaqin turli mazmundagi hokimlik qarorlari qabul qilinib, oʻrtacha hisobda 5-6 mlrd. soʻmlik qogʻoz sarf qilinar edi.
Bir soʻz bilan aytganda, “E-qaror” elektron tizimini respublikamizning barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarida joriy etilishi ularning faoliyati va ish yurituvi shaffoflashishiga, aholi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinib, eʼlon qilingan qarorlarni “E-qaror.gov.uz” sayti orqali tanishib borish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, jamoatchilik nazoratini oʻrnatilishiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari poymol boʻlishini oldini olishga, tadbirkorlik subyektlari uchun asossiz xarajatlarni keltirib chiqaruvchi ortiqcha maʼmuriy hamda boshqa cheklovlarni joriy etadigan normalarni oʻrnatilishini oldini olishga xizmat qiladi.
Yodgor Yunusov,
Tuman adliya boʻlimi
bosh maslahatchisi