Янгиликлар
Tadbirkornining kompensatsiya pullari undirilishi taʼminlandi
Tadbirkornining kompensatsiya pullari undirilishi taʼminlandi
Boʻstonliq tuman adliya boʻlimi tomonidan “Mulalo” fermer xoʻjaligining kompensatsiya pullarini undirishda amaliy yordam soʻrab qilgan murojaati oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish davomida, Boʻstonliq tumani hokimining 2019-yil 26-martdagi 1754-sonli qaroriga muvofiq Uzun MFY hududida joylashgan “Mulalo” fermer xoʻjaligiga ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan 0,9 gektar yer maydonidagi koʻp yillik daraxtzorlar joylashgan yer uchastkasi “Pskom GES” qurilishi munosabati bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan.
Mazkur yer uchastkasidagi koʻchirib tashlangan koʻp yillik daraxtlar Toshkent shahar Mirobod tumanida faoliyat koʻrsatuvchi mustaqil baholovchi tashkilot “Hisob va biznes baholash” MCHJ mutaxassislari tomonidan mustaqil baholashdan oʻtkazilib, “Mulalo” fermer xoʻjaligiga yetkazilgan zarar 51 million 828 ming 950 soʻm ekanligi aniqlangan. “Hisob va biznes baholash” MCHJ mazkur baholash hisoboti “Konservis” MCHJ mutaxassislari tomonidan ekspertizadan oʻtkazib, ularning ijobiy xulosasi olingan.
Qonunchilikka muvofiq, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer uchastkasidagi mulk qiymati hisoblanib, toʻlab berilgandan soʻng buzib tashlanishi (koʻchirib yuborilishi) kerak edi. “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “4-son qurilish direksiyasi” MCHJ tomonidan “Mulalo” fermer xoʻjaligiga ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan 0,9 gektar yer maydonidagi koʻp yillik daraxtlar haqi toʻlanmasdan koʻchirib tashlangan.
Murojaatni koʻrib chiqish yakunida, tuman adliya boʻlimi tomonidan “Mulalo” fermer xoʻjaligining manfaatida 51 828 950 soʻm miqdordagi kompensatsiya pullarini undirishni soʻrab daʼvo arizasi bilan iqtisodiy sudga murojaat qilindi.
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “Mulalo” fermer xoʻjaligiga yetkazilgan zarar miqdori undirilishi belgilanib, 51 million 828 ming 950 soʻm miqdordagi kompensatsiya pullari toʻlab berilishi taʼminlandi.
Xusniddin Saypiyev,
Boʻstonliq tuman adliya
boʻlimi boshligʻi