Янгиликлар
“Chaqaloq”qa 55 yoshida tugʻilganlik haqida guvohnoma berildi
“Chaqaloq”qa 55 yoshida tugʻilganlik haqida guvohnoma berildi
Boʻstonliq tumani Pskom qishlogʻida Toshkent viloyati hokimligi tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabul davomida 55 yoshli fuqaro Abdirasul Majidov tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi FHDYO boʻlimida qayd etilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Qonunchilikka muvofiq, bolaning tugʻilishini qayd etish fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida belgilangan tartibda majburiy qayd etiladi. Biroq, ayrim sabablarga koʻra baʼzi fuqarolar voyaga yetgan boʻlsada, tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarini olinmaganligi, buning oqibatida ular tomonidan muayyan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirishning imkoni boʻlmayotganligi holatlari ham uchrab turadi.
Murojaat Boʻstonliq tuman adliya boʻlimi ish yurituviga qabul qilinib, oʻrganib chiqilganda, fuqaro A. Majidovning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi FHDYO boʻlimida qayd etilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqaroning 1967-yilda tugʻilganligini qayd etish tibbiyot muassasasida A. Majidovning tugʻilganligi haqidagi hujjatlar saqlanmaganligi hamda uning onasi Marziya Majidovadan tugʻilganligi tibbiyot muassasasi tomonidan tasdiqlanmaganligi uchun Boʻstonliq tuman FHDYO boʻlimi tomonidan Abdirasulga tugʻilganlik haqida guvohnoma berish rad etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarorining ilovasi bilan tasdiqlanagan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarida tibbiyot muassasasi tomonidan tugʻilganlik haqidagi maʼlumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Adliya boʻlimi tomonidan fuqaroning manfaatida tugʻilganlik faktini belgilashni soʻrab ariza bilan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilindi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Chirchiq tumanlararo sudining 2022-yil 13-maydagi hal qiluv qarori bilan fuqaro A. Majidovning 1967-yil 12-iyun kuni Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida fuqaro Marziya Majidovadan tugʻilganligi fakti belgilandi hamda 55 yoshni qarshi olgan Abdirasul Majidovning tugʻilganligi FHDYO organida qayd etilib, tugʻilganlik haqida guvohnoma berildi.
Xusniddin Saypiyev,
Boʻstonliq tuman adliya
boʻlimi boshligʻi