Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

04

Davlat xizmatlari koʻrsatishni tartibga solish va standartlashtirishning huquqiy ahamiyati


Davlat xizmatlari koʻrsatishni tartibga solish va standartlashtirishning huquqiy ahamiyati

 

Tartibga solish funksiyasi – bu davlat xizmati tizimini va uning faoliyatini tashkil etish jarayonida boshqaruv uslublari va usullaridan foydalanishdir. Tartibga solish – huquq subyektlari uchun umummajburiy boʻlgan koʻrsatmalarni oʻrnatish hisoblanadi. Tartibga solish funksiyasi bir necha yoʻnalishlarda amalga oshirilishi mumkin, masalan, normativ huquqiy hujjat orqali maʼlum bir sohadagi xulq-atvor qoidalarini belgilash yoki boshqaruvning aniq jarayonlarini (sertifikatlash, litsenziyalash, soliqqa tortish, roʻyxatga olish va h.k.lar) oʻrnatishdir[1].

Yuqorida taʼkidlangan davlat xizmati tizimini tartibga solish funksiyasini davlat xizmatlari koʻrsatish sohasini tartibga solish funksiyasi bilan hamohangdir. Davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida quyidagilarni nazarda tutadi.

-         davlat xizmatlarining har bir turi boʻyicha “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga koʻra davlat xizmatlari koʻrsatish mexanizmini, eng avvalo, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtirishni nazarda tutuvchi maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash;

-         vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatishda qonun hujjatlari va maʼmuriy reglamentlar talablariga rioya etilishini taʼminlash;

-         manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarining tegishli turlarini koʻrsatish boʻyicha, shu jumladan boshqa davlat organlari va oʻzga tashkilotlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadigan hujjatlar va maʼlumotlarni fuqarolardan talab etish bekor qilinishini nazarda tutgan holda maʼmuriy reglamentlar loyihalarini ishlab chiqish.

Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunning 84-moddasida agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, maʼmuriy ishlarni hal qilish, maʼmuriy va protsessual hujjatlarni qabul qilish, maʼmuriy hujjatlarni ijro etish, shuningdek maʼmuriy shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha maʼmuriy organlar faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi maʼmuriy reglamentlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Demak davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish normativ-huquqiy hujjat hisoblangan Maʼmuriy reglamentlar orqali amalga oshiriladi.

Reglamentatsiya (tartibga solish) – bu ijtimoiy munosabatlarni ularning ishtirokchilariga subyektiv yuridik huquq va majburiyatlarni berish orqali huquqiy tartibga solish usulidir[2].

Chet davlatlar amaliyotida davlat organlarida davlat xizmatlari va funksiyalarini tartibga solishda maʼmuriy reglamentlarning toʻgʻridan-toʻgʻri analogi mavjud emas.

Oʻzlaring davlat boshqaruvi tizimini muvaffaqiyatli isloh qilayotgan aksariyat davlatlar “samarali va natijador davlat” modelini qurishda davlat boshqaruvi amaliyotiga yetarli miqdorda reglament va stadartlarda mustahkamlangan rasmiylashtirilgan jarayonlarni joriy etmoqdalar.

Xorijiy davlatlar amaliyotida tartibga solish atamasi turli mazmunda ishlatilishi mumkin. Masalan AQSH davlat idoralari amaliyotida “maʼmuriy tartibga solish” (administrative regu1ations) atamasi ishlatiladi. Bu atama idora ichidagi hamda idora va uning kliyentlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarining qoidalari tavsif etilgan. Yevropa mamlakatlarida esa davlat idoralariga nisbatan maʼmuriy soddalashtirish tartib-taomillari (administrative simr1ifisation) qoʻllaniladi[3]. Bu Oʻzbekistonda ishlab chiqilayotgan maʼmuriy reglamentlarga ayrim jihatlari bilan oʻxshashdir.

Xorijiy adabiyotlarda tartibga solishda qabul qilingan terminlardan qatʼiy nazar reglamentlar orqali tartibga solishning quyidagi vazifalarini ajratish mumkin:

—      boshqaruv sifatini yaxshilash;

—      nazorat qilishning samaradorlik va natijadorlik darajasini oshirish;

—       obyektni boshqarishda nazorat va shaffoflik darajasiga erishish;

—       davlat xizmatlari koʻrsatilishida maʼmuriy harakatlar uchun javobgarlikni belgilash;

—       maʼmuriy jarayonlarni moderniyaziyalash va davlat xizmatini elektron koʻrsatish boʻyicha topshiriqni asoslash.

Umuman olganda davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlar tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonunida hamda joriy etilayotgan davlat xizmatlarining maʼmuriy reglamentlarida keltirilgan.

Maʼmuriy reglamentlar mazmun-mohiyati va huquqiy tartibga solish mexanizmlari quyidagi elementlarni oʻz ichiga olishi kerak:

davlat xizmatlari koʻrsatishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning bevosita ishtirok etishini talab qiladigan tartibotlar sonini hamda ularni koʻrsatish muddatlarini tubdan qisqartirish;

yuridik va jismoniy shaxslardan boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinadigan hujjatlar va maʼlumotlar talab qilinishini bekor qilish;

davlat xizmatlari koʻrsatishda byurokratik toʻsiq va gʻovlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar oʻrtasida idoralararo oʻzaro elektron hamkorlik oʻrnatish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini taʼminlash, ularning masʼuliyatini va ijro intizomini kuchaytirish.

Oʻzbekiston davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasini tartbga soluvchi amaldagi maʼmuriy reglamentlar maʼlum bir sohani tartibga solishga qaratilgan.

Jumladan, Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish sohasi boʻyicha:

1.         yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

2.     yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

3.     Yuridik va jismoniy shaxslarni issiqlik taʼminoti tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

4.     Yuridik va jismoniy shaxslarni suv taʼminoti va suv chiqarib tashlash tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.

Tabiatdan foydalanish sohasida: 

1.     davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

2.     Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

3.     Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.

Arxitektura va qurilish sohasida:

1.    Bino va inshootlarning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni kelishish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

2.    Obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

3.    Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

4.    Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda bir vaqtda obyektning zilzilaga bardoshliligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha loyihaviy yechimlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

5.    Qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

6.    Yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;

7.    Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlangan.

Demak, davlat xizmatlarini koʻrsatishga oid tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar sohaviy xarakterga ega boʻlib, har bir soha boʻyicha xizmat koʻrsatish tartibini belgilaydi.

Maʼmuriy reglamentlarning oʻziga xos xususiyatlaridan yana shundaki, Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli organlar oʻrtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshirilishidadir.

 

Yunus Xodjiyev,

Toshkent viloyati

adliya boshqarmasi

masʼul xodimi




[1] Davlat xizmati : oʻquv qoʻllanma / E. T. Xojiyev, G. S. Ismailova, M. A. Raximova. – Toshkent: Baktria press, 2015. - 28 b.


[2] http://tolkslovar.ru/r4620.html


[3] Kostina, S. N. Organizatsiya predostavleniya gosudarstvennыx i munitsipalnыx uslug: ucheb. posobiye / S. N. Kostina, G. A. Bannыx, L. I. Voronina; [pod obщ. red. S. N. Kostinoy]; M-vo nauki i vыssh. obrazovaniya Ros. Federatsii, Ural. feder. un-t. — Yekaterinburg: Izd-vo Ural. un-ta, 2019. — 123 s.