Янгиликлар
Mol-mulkka taqiq qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki joriy etildi
Mol-mulkka taqiq qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki joriy etildi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda notariat institutining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat koʻrsatish sifati darajasini oshirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-sentyabrda eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2022-yil 11-maydagi “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklarning elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish maqsadida Hukumat qarori (468-son, 22.08.2022-y.) bilan Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklar elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-oktyabrdan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab (xatlab) qoʻyilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qoʻyish bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar banki joriy etiladi.
Endilikda tegishli maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bankiga kiritishda:
- jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid maʼlumotlar – Ichki ishlar vazirligi;
- yuridik shaxsga oid maʼlumotlar – Adliya vazirligi;
- koʻchmas mulkka oid maʼlumotlar – Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
- qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalariga oid maʼlumotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
- attraksionlar va koʻtarish inshootlari (minora kranlari)ga oid maʼlumotlar – Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi;
- kemalarga oid maʼlumotlar – Transport vazirligi;
- kichik hajmli kemalarga oid maʼlumotlar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Bu esa oʻz navbatida ortiqcha vaqt, resurslar va eng asosiysi jismoniy va yuridik shaxslarning ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini oladi.
Shuningdek, elektron maʼlumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi. Notarius elektron maʼlumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab qoʻyishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.
Taʼkidalash lozimki, mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlab yoki xatlab qoʻyish, shuningdek, uni bekor qilishda toʻlov undirilmaydi.
Murojaatga asosan elektron maʼlumotlar bankida mavjud maʼlumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri yoki yagona ijtimoiy davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.
Mazkur tartibning oʻrnatilishi notarial xizmatlar koʻrsatishning tezkorligini oshirish, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, jumladan xususiy mulk egalari oʻz mulkini erkin tasarruf etishi va undan foydalanishida ortiqcha byurokratik toʻsiq va gʻovlarni olib tashlash hamda sohani raqamlashtirish boʻyicha qator maqsadli vazifalarni amalga oshirilishida xizmat qiladi.
Kamoliddin Dastamov,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
boʻlim boshligʻi