Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishda aholining fikri hisobga olinadi


Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishda aholining fikri hisobga olinadi

 

         Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 2-noyabrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Qonunda bunday muhim qoida joy oldi.

“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonunda geografik obyektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish nazarda tutilgan, biroq bu jarayonni amalga oshirish tartibi, shuningdek fuqarolarning geografik obyektlarga nom berish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish vakolatlari ushbu Qonunda koʻzda tutilmagan.

Shuningdek geografik obyektlarga Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga doir normalar ham ochib berilmagan.

Endilikda geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishda mahalliy aholining fikri davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan hisobga olinishi belgilandi.

Qonunda fuqarolarga aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar kiritish vakolatini belgilashga qaratilgan, shuningdek, tarkibida tumanlar mavjud boʻlgan shaharlarda aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish tumanlar hokimlari kiritgan takliflarga asosan xalq deputatlari shaharlar Kengashlari tomonidan amalga oshirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritildi.

Shu bilan birga aholi punktlarining tarkibiy qismlariga Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida hamda, qoida tariqasida, nomlari mavjud boʻlmagan obyektlarga nisbatan amalga oshirilishi belgilandi.

Jumladan, Qonunning toʻldirilayotgan 41-moddasi mazmuniga koʻra geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlash jarayonida mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.

Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirishda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni kelib tushganidan keyin muhokama qilish uchun ularni besh ish kunidan kechiktirmay oʻz rasmiy nashrlarida, rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.

Takliflarning muhokamasini oʻtkazish muddati geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar eʼlon qilingan sanadan eʼtiboran oʻn besh kundan kam boʻlmasligi kerak.

Mahalliy aholi geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan oʻz fikrini ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda yakka tartibda yoki jamoa boʻlib bildirishi mumkin. Bunda shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi.

Shuningdek, toʻldirilayotgan 101-modda mazmuniga koʻra esa Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan hamda, qoida tariqasida, nomlari mavjud boʻlmagan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nisbatan amalga oshiriladi.

Tuman, shahar hokimi aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish toʻgʻrisidagi fuqarolar tashabbuslarini, shuningdek fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning iltimosnomalarini koʻrib chiqadi hamda ularni zarur hujjatlar bilan birga takliflar tayyorlash uchun tuman, shahar komissiyasiga yuboradi.

Tuman, shahar komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni ularning geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtayi nazaridan koʻrib chiqadi, keyinchalik tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasiga kiritish uchun takliflar tayyorlaydi, shuningdek ularni tuman, shahar hokimiga yuboradi.

Tuman, shahar hokimi tuman, shahar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasiga yuboradi, komissiya taqdim etilgan hujjatlarning har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi va ularni geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi nuqtayi nazaridan davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun Kadastr agentligiga topshiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar komissiyasi amalga oshirilgan ishlarning yakunlariga koʻra hamda davlat ekspertizasi natijalarini hisobga olgan holda tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga yuboriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqadi hamda ularni zarur hujjatlar bilan birga xulosa olish uchun respublika komissiyasiga yuboradi.

Respublika komissiyasi taqdim etilgan hujjatlarni har tomonlama oʻrganib chiqadi va tegishli xulosa beradi, ushbu xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar, xiyobonlarga) Oʻzbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish toʻgʻrisida respublika komissiyasining xulosasini hisobga olgan holda takliflar tayyorlaydi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining takliflarini koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.

 

 

Aziz Adilov,

Chirchiq shahar

adliya boʻlimi boshligʻi