Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

17

Vasiyatnoma qanday rasmiylashtiriladi?


Vasiyatnoma qanday rasmiylashtiriladi?

Keyingi paytda meros masalasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda eng koʻp koʻrilayotgan ishlardan biri hisoblanadi. Bu holatni aholining mol-mulk yoki bu mol-mulkka nisbatan egalik boʻyicha huquqiy tushunchalarning yetarli emasligi bilan ham izohlashimiz mumkin. Albatta, bu masalada asosan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi talablariga tayaniladi. Unga koʻra, vorislik vasiyat va qonun boʻyicha amalga oshiriladi.

Fuqarolik kodeksi 1120-moddasiga asosan fuqaroning oʻziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb eʼtirof qilinadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga asosan vasiyatnoma matni vasiyat qiluvchi tomonidan yozilib, notariusga shaxsan taqdim etilgan yoki uning soʻzlaridan notarius tomonidan yozib olingan boʻlishi lozim.

Vasiyatnomani tasdiqlab berishda vasiyat qiluvchidan uning vasiyat qilinayotgan mol-mulkka boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida oʻziga tegishli boʻlmagan mol-mulk toʻgʻrisidagi farmoyishni oʻz ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli boʻlib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Ayrim holatlarda fuqarolar tomonidan vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqida turli savollar beriladi. Bu boʻyicha Fuqarolik kodeksi 1127-moddasiga muvofiq, vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda oʻz vasiyatnomasini toʻlaligicha bekor qilishga yoki unda mavjud boʻlgan ayrim vasiyat farmoyishlarini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, oʻzgartirishga yoki toʻldirishga haqli.

Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius yoxud boshqa mansabdor shaxslar tomonidan uning barcha nusxalarini yoʻq qilib tashlash yoʻli bilan bekor qilinishi mumkin. Yangi vasiyatnoma tuzish orqali oldin tuzilgan vasiyatnoma toʻlaligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid boʻlgan qismi bekor qilinadi.

Shahzod Sattarov,

Toshkent viloyat adliya boshqarmasi

bosh maslahatchisi