Янгиликлар
Konstitutsiya — baxtimiz qomusi
Konstitutsiya — baxtimiz qomusi
Barchamizga maʼlumki, konstitutsiya har bir mamlakatning suvereniteti, milliy davlatchiligi rivoji, fuqarolarining hayoti, jamiyatdagi oʻrni va turmush tarzini belgilab beruvchi asosiy qomusdir.
Bosh qomusimizning qabul qilinganligiga 30 yil boʻlar ekan, u Oʻzbekiston Respublikasi xalqining inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqligini ifoda etib, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga asoslangan, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishning mustahkam yoʻlini belgilab berdi.
Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati sari tashlangan eng birinchi va qatʼiy qadam – bu umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalari va andozalari talablariga javob beradigan zamonaviy Konstitutsiyaning qabul qilinganligidadir desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Konstitutsiyamiz muqaddimasidagi ustuvor meʼyorlar Oʻzbekiston xalqi, har bir fuqarosi hayotining maʼnosi, maqsadi ulugʻvor va ezgu ekanligini umumbashariyatga maʼlum qiladi.
Oʻzbeksiton davlat mustaqilligini qoʻlga kiritgach, buni, albatta, konstitutsiyaviy asosda mustahkamlash zarurati tugʻildi. Konstitutsiyada yangi davlatning maqsadi, suvereniteti, ichki va tashqi siyosiy tamoyillari, inson huquqlariga, demokratiyaning va ijtimoiy adolatning oliy maqsadlariga sodiqligi mustahkamlab qoʻyilmogʻi zarur edi. Shuningdek, yangi Konstitutsiya oʻzbek davlatchiligi tarixiy tajribasini hisobga olishi, xalqaro huquqning umumjahon tomonidan eʼtirof etilgan meʼyorlariga tayanishi, fuqarolar uchun munosib hayotni taʼminlashga asos boʻlishi, barqaror bozor iqtisodiga asoslangan demokratik davlat, farovon jamiyat uchun huquqiy poydevor yaratishi kerak edi.
Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti munosabatlariga jamiyatning jadal rivojini taʼminlovchi vosita sifatida qaradi.
Oʻzining tuzilishi, yoʻnalishi, mazmuni jihatidan avvalgi konstitutsiyalardan printsipial ravishda farq qiluvchi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi birinchi moddasidan tortib, toki oxirgi 128-moddasiga qadar mustaqillik gʻoyasi bilan toʻldirildi. Jahon hamjamiyatining inson huquqlari sohasidagi yutuqlariga, demokratik qadriyatlarga tayanilgani ham Konstitutsiyamizning xususiyati sanaladi.
Shu bilan birga, Konstitutsiyamiz xalqimizning milliy xususiyatlarini ham oʻzida aks ettira oldi. Konstitutsiya mamlakatning xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti ekani, tashqi siyosatni oʻz manfaatlaridan kelib chiqib olib borishi, xalqaro tashkilotlar va davlatlararo tuzilmalarga kirish huquqini qonuniy mustahkamlab qoʻydi. 1990-yilning
20-iyun kuni eʼlon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi” hamda 1991-yil 31-avgust kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida”gi qonun talablarini oʻzida toʻliq aks ettirgan Konstitutsiyamizda inson hayoti va erkinligi, shaʼni, qadr-qimmatining oliy qadriyat ekani, fuqarolarning sud orqali himoya qilinishi, aybsizlik prezumptsiyasi kabi normalar mustahkamlab qoʻyilganligi sabab Konstitutsiya ijtimoiy hayotimizga, fuqarolarning turmush tarziga tez singib ketdi.
Mazkur Konstitutsiya asosida Oʻzbekiston bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish yoʻlini tanladi.
Asosiy qonunimizning jahon andozalariga mos kelishi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi kabi muhim xalqaro huquqiy normalarni oʻzida mujassam etgani keng jamoatchilik hamda xorijiy ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida belgilanganidek, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdorlar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va uning asosida yaratilgan qonunlarga muvofiq ish koʻradilar.
Yuqoridan kelib chiqadigan boʻlsak, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi huquqiy demokratik davlat hamda erkin fuqarolik jamiyati qurishning eng asosiy kafolati hisoblanadi. Shuni taʼkidlash joizki, faqat normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, takomillashtirish orqali koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi. Toki, qonun amalda toʻliq qoʻllanilmas ekan, uning kuchi ham sezilmaydi. Agar qabul qilinayotgan qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati, maqsadi tushunib yetilmasa, ularga amal qilishda xatoga yoʻl qoʻyish odatiy hol boʻlib qolaveradi.
Xalqimiz ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, mamlakatda roʻy berayotgan demokratik oʻzgarishlarning koʻlamini kengaytirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirishda huquqiy tarbiyaning oʻrni beqiyosdir.
Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoev Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq, deya taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, jamoatchilik nazoratining mavjudligi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining muhim sharti hisoblanadi. Aynan jamoatchilik nazorati orqali ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy muammolar kun tartibiga olib chiqiladi va hal etib boriladi.
Konstitutsiyamiz xalqimizning yuksak tafakkuri samarasi mahsuli boʻlib, uni huquqiy qadriyat sifatida asrab-avaylash, oʻqib-oʻrganish, unga ogʻishmay rioya qilish, bayon etilgan huquqlardan samarali foydalanish va burchlarni vijdonan masʼuliyat bilan bajarish, kelajak avlodga ulugʻ neʼmat sifatida yetkazish, u bilan faxrlanish har bir oʻzbekistonlik uchun sharafdir.
Aminmizki, Konstitutsiya huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda bundan keyin ham mustahkam kafolat boʻlib xizmat qiladi.
Jahongir Hayitov,
Toshkent viloyat adliya boshqarmasi
Intellektual mulk huquqlarini himoya
qilish boʻlimi bosh maslahatchisi