Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingan kun


18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat

bayrogʻi  toʻgʻrisida”gi   qonuni  qabul qilingan  kun

 

Yaqinda  davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligiga 25 yil toʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrogʻi – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil Oʻzbekiston davlati borligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro maydonda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalarda, jahon koʻrgazmalarida, sport musobaqalarida Oʻzbekiston Respublikasining timsoli boʻladi.

Bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgan. Milliy bayrogʻimizning davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida gʻalaba qozongan sportchilarimiz sharafiga  yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz.

Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz ifodasidir.
Respublikamiz davlat bayrogʻidagi ramzlar Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan.

Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining oʻzaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bagʻrikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.

Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yoʻlida oʻzaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulugʻ sanaladi. Chunki u xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.

Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning oʻrni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrogʻini yov qoʻliga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qoʻlida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qoʻlidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tugʻini jonidan ortiq asragan Toʻmaris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻnlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrogʻini koʻzga surtish, uni toʻtiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor boʻlish deganidir.

Mustaqil davlatimiz bayrogʻi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.

Bayrogʻimizning balandligi yurtimizning obroʻ-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!

 

Gulnoza Sotiboldiyeva,

Quyi Chirchiq tuman FHDY boʻlimi mudirasi