Янгиликлар
Davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari
Davlat fuqarolik xizmatchisining majburiyatlari
Prezidentimiz tomonidan joriy yil 8-avgust kuni “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingan boʻlib, uning maqsadi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Mazkur qonun davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni, yaʼni davlat organlari va tashkilotlari oʻrta boʻgʻin xodimlarining mehnatini tartibga soladi.
Qonun davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 118 mingdan ortiq davlat xizmatchisining huquqiy maqomini belgilab beruvchi normalar asosida faoliyatni tartibga soluvchi yagona hujjat sifatida vujudga keldi. Qonunda davlat xizmatchilarining vakolatlari, huquqlari, burchlari va majburiyati, davlat xizmati bilan bogʻliq cheklovlar, davlat xizmatida korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralari hamda davlat xizmatchilarining axloqiy xulq-atvori qoidalari belgilangan.
Davlat fuqarolik xizmatchisi oʻz faoliyatini davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida amalga oshiruvchi Oʻzbekiston fuqarosi. Qonunga koʻra, u manfaatlar toʻqnashuvidan qochishi, xolis boʻlishga majburdir; oʻz mansab mavqeidan shaxsiy va boshqa gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanmaslik, shuningdek oʻz mansab faoliyatiga, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolari faoliyatiga noqonuniy taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishi zarurdir.
Qonunga koʻra, oʻzaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat organida birga xizmat qilishi mumkin emas. Agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallashi mumkin emas. (Bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno).
Bundan tashqari, aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada boʻlgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollaridan tashqari, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari boshqa haq toʻlanadigan faoliyat, tadbirkorlik bilan shugʻullanmaslik, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, qonun normalarida oʻzi xizmat qilayotgan davlat organi nazorati ostidagi yoki u bilan aloqalar va manfaatlarga ega boʻlgan tashkilotlardagi ulushlarni, paylarni va aksiyalarni bevosita yoki vakillar orqali olishga, oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olishga, chet davlat fuqaroligini olishga, oʻzining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini koʻzlab amalga oshirishga haqli emasligi alohida belgilangan.
Qonunga asosan, davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilandi.
Davlat xizmatchilariga haq toʻlash quyidagilardan iboratdir:
▫️bazaviy lavozim maoshi;
▫️koʻp yillik xizmati uchun qoʻshimcha toʻlov;
▫️malaka darajasi uchun qoʻshimcha toʻlov;
▫️eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarga erishganlik uchun ustama;
▫️hisobot davri yakunlari boʻyicha ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar.
Davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan boʻshatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qoʻllaniladi.
Davlat xizmatchilariga 27 kundan kam boʻlmagan yillik asosiy taʼtil beriladi. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatini oʻtashda mazkur Qonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi qoʻllanilishi belgilab qoʻyilgan.
Alisher Turgʻunov,
Toshkent viloyat adliya
boshqarmasi
masʼul xodimi