Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

“Miranda qoidasi” nima? Yangi Konstitutsiyada yangi qoidalar.


“Miranda qoidasi” nima? Yangi Konstitutsiyada yangi qoidalar.

 

Maʼlumki, joriy yilning 20-iyun kuni davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Prezidentimiz hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat yurtimiz taqdiriga yanada ulkan masʼuliyat bilan yondashib, “Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir”, deya konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazish zaruratiga batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, mamlakatimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozimligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Bir soʻz bilan aytganda, “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirish zarurligini qayd etdi. Shu oʻrinda, davlatimiz rahbari Konstitutsiyamizga oʻzining takliflarini bildirib oʻtdi.

Xususan, Prezidentimiz tahlillar koʻra huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qoʻlga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini va natijada, gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qolayotganini taʼkidlab, ushbu holatlarni oldini olish maqsadida koʻplab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda xalqaro hujjatlarda aks etgan, gumonlanuvchi shaxs qoʻlga olinganda, unga huquqlarini tushuntirish boʻyicha “Miranda qoidasi”ni va “Xabeas korpus” tamoyillarini Konstitutsiyada aks ettirish lozimligini qayd etib oʻtdi.

“Miranda qoidasi” nima?

“Miranda qoidasi” (ingl. Miranda warning) AQSHda yuzaga kelgan yuridik norma boʻlib, unga koʻra, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni soʻroq qilishdan oldin unga protsessual huquqlari tushuntirilishi kerak. Bu qoida 1966-yildagi AQSH Oliy sudi qaroridan kelib chiqadi. “Miranda qoidasi”dan koʻzlangan asosiy maqsad shaxsga oʻz-oʻziga qarshi guvohlik bermaslik huquqini berish boʻlgan.

“Miranda qoidasi” AQSHda oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan Ernest Arturo Miranda nomi bilan bogʻliq. AQSHning Arizona shtati politsiyasi jinoyatchi E.Mirandani 1966-yil bir necha ogʻir jinoyatni sodir etganlikda gumon qilib, hibsga oladi. Shundan soʻng tergov jarayoni boshlanadi. Ammo Mirandaga soʻroq qilinishdan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari tushuntirilmaydi. Shu bois, E.Miranda oʻz huquqlarini bilmagan holda, aybiga iqrorlik toʻgʻrisida koʻrsatma beradi. Bu koʻrsatmalardan esa, uning aybiga iqrorligining isboti sifatida foydalaniladi. Oqibatda esa, E.Miranda sudning hukmi bilan jazoga mahkum etiladi.

Keyinchalik E.Mirandaning 73 yoshli advokati Elvin Mur tomonidan AQSH Oliy sudiga shikoyat taqdim etiladi. Natijada E.Miranda oʻz huquqlaridan xabardor qilinmay tergov qilingani uchun sudning hukmi AQSH Oliy sudi tomonidan bekor qilinadi. Sudning ayni shu qarori tufayli yuzaga kelgan mazkur yuridik norma dastlab AQSH sud amaliyotida “Miranda huquqlari” deb yuritiladi. Keyinchalik esa, xalqaro huquqda “Miranda qoidasi” nomini olgan.

“Miranda qoidasi” talabi boʻyicha hibsga olingan shaxsga uni soʻroq qilishdan oldin albatta:

·         sukut saqlash huquqiga egaligi;

·         aytgan gaplari sudda unga qarshi qoʻllanishi mumkinligi va qoʻllanishi;

·         soʻroqda uning advokati ishtirok etishi mumkinligi;

·         advokat toʻlovini qila olmasa, unga davlat tomonidan advokat berilishi tushuntirilishi hamda “haq-huquqlaringiz sizga tushunarlimi?”, deb soʻralishi;

·         oʻz advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qoʻngʻiroq qilish imkoni berilishi shart.

Yuqoridagilar “Miranda qoidasi”ning asosiy mazmunini tashkil etadi.

                 “Miranda qoidasi” — davlatlar qonunchiligida…

Taʼkidlab oʻtish lozimki, “Miranda qoidasi” bugungi kunda barcha davlatlar Konstitutsiyasi va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda umumeʼtirof etilgan norma sifatida belgilangan. Yana bir jihati, “Miranda qoidasi” turli davlatlar qonunchiligida turli xilda oʻz ifodasini topgan. AQSHdan oʻrnak olib, koʻplab mamlakatlar oʻz qonunchiliklarida “Miranda qoidasi”ni joriy qilishdi.

Xususan, Ukraina Konstitutsiyasining 29-moddasi 4-qismida “hibsga olingan yoki qamoqqa olingan har bir shaxsga hibsga olingan yoki qamoqqa olinganligi sabablari kechiktirilmasdan xabardor qilinishi, uning huquqlari tushuntirilishi hamda hibsga olingan paytdan boshlab oʻzini himoya qilish yoki qonuniy huquqqa ega boʻlish imkoniyati berilishi va shaxs oʻzi, oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlari toʻgʻrisida koʻrsatuv berishdan yoki biror narsani tushuntirishdan bosh tortgani uchun javobgar boʻlmasligi” belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, Filippinning 1987-yilgi Konstitutsiyasida “jinoyat sodir etganligi uchun tergov qilinayotgan har qanday shaxs jim turish va oʻz xohishiga koʻra malakali va mustaqil advokatga ega boʻlish huquqi toʻgʻrisida xabardor qilinishiga haqli” ekanligi qayd etilgan.

Yaponiya Konstitutsiyasining 38-moddasi koʻra, hech kim oʻziga qarshi guvohlik berishi mumkin emas.

Janubiy Afrika Konstitutsiyasiga koʻra “har qanday hibsga olingan shaxsning sukut saqlash huquqi va sukut saqlamaslik oqibatlari hamda hibsga olingan shaxsga advokatga ega boʻlish huquqi toʻgʻrisida xabardor qilinishi”ni talab qiladi.

“Miranda qoidasi” – Oʻzbekiston qonunchiligida…

“Miranda qoidasi” Oʻzbekiston jinoyat-protsessual qonunchiligida oʻz aksini topgan. Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksning 23-moddasiga koʻra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Boshqacha qilib aytganda, milliy qonunchiligimizda sukut saqlash yoki hech qanday koʻrsatma bermaslik huquqi aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga asoslangan.

Shuningdek, sukut saqlash huquqi, yaʼni oʻziga nisbatan qoʻyilgan gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berishdan bosh tortish huquqi Jinoyat-protsessual kodeksning 48-moddasida qatʼiy kafolatlangan. Ushbu modda talabiga koʻra, gumon qilinuvchi zimmasiga koʻrsatma berish, shuningdek, oʻzining jinoyatga aloqador emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emas.

Qolaversa, Jinoyat-protsessual kodeksida mustahkamlangan shaxs tomonidan aytilgan har bir soʻz yoki xatti-harakat sudda unga qarshi ishlatilishi mumkinligi haqida ogohlantirilish huquqi bilan “Miranda qoidasi” mazmunan oʻzaro yaqin. Yaʼni Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasiga asosan, shaxs oʻzining koʻrsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlishi va nimada ayblanayotganligini bilish huquqiga ega.Bundan tashqari, milliy qonunchiligimizda kafolatlangan advokatga murojaat qilish huquqi “Miranda qoidasi” talablari bilan bir xil. JPKning 46-moddasiga muvofiq, shaxs ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilganligi toʻgʻrisidagi qaror unga maʼlum qilingan paytdan boshlab, himoyachiga ega boʻlish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda, u bilan xoli uchrashish huquqiga ega hisoblanadi.Shu bilan birga, milliy qonunchiligimizda ham ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilgan shaxsga oʻz advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qoʻngʻiroq qilish imkoni berilishi kafolatlangan. Yaʼni JPKning 48-moddasiga muvofiq, shaxs qamoqqa olinganligi va turgan joyi toʻgʻrisida advokatga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish yoxud xabar berish, shuningdek, himoyachiga ega boʻlish huquqiga ega. Agar ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb eʼtirof etilgan shaxsning advokat yollashga imkoniyati boʻlmasa, u davlat tomonidan advokat tayinlanishi huquqidan foydalanadi.Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, “Miranda qoidasi” talablari milliy qonunchiligimizda, xususan, amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikda toʻlaligicha aks etgan deyishimiz mumkin. Biroq “Miranda qoidasi” jinoyat-protsessual qonunchiligimizning bir qancha moddalarida tarqoq hoda belgilangan. Aslida esa bu qoida yaxlit bir butun holda holda belgilansagina, amalda samarali natija berishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu qoidaning Konstitutsiyamizda ifodalanishi bilan fuqarolar “Miranda qoidasi” boʻyicha huquqlarini Konstitutsiya orqali bilib olishlari muhim ahamiyatga ega. Chunki Jinoyat-protsessual kodeksidan koʻra Konstitutsiya xalqqa eng yaxshi tanish va tushunarli hujjat hisoblanadi. Shuningdek, “Miranda qoidasi”ning Konstitutsiyamizda oʻz aksini topishi ushbu tamoyilni toʻla-toʻkis va soʻzsiz qoʻllanishi uchun zarur huquqiy kafolat yaratadi.

Bekobod tumani adliya boʻlimi

FXDYO boʻlimi mudirasi                                                          N.Tshpoʻlatova