Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Nikoh shartnomasi nima va u qanday tuziladi?


                      Nikoh shartnomasi nima va u qanday tuziladi?

Er va xotinning nikohda boʻlgan davrida hamda er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilash maqsadida nikoh shartnomasi tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingunga kadar boʻlajak er va xotinlar oʻrtasida, shuningdek, er-xotin oʻrtasida nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.

Boʻlajak er va xotinlar oʻrtasida tuzilgan nikoh shartnomasi kayd etilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuzilib, albatta, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Nikoh shartnomasi nikoh tuzilgan kunda mavjud boʻlgan mol-mulkka nisbatan ham, kelgusida orttiriladigan mol-mulkka nisbatan ham tuzilishi mumkin.

Bundan tashqari, nikoh shartnomasida er va xotin oʻzaro moddiy taʼminot berish, oila xarajatlarini birgalikda koʻtarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olish, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olish, shuningdek, mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalarni kiritishga haqli.

Nikoh shartnomasida belgilab qoʻyilgan er va xotinning huquq va majburiyatlari muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bogʻliq qilib ham qoʻyilishi mumkin. Nikoh shartnomasida oila qonun hujjatlari normalariga zid keluvchi, er yoki xotindan birining huquqlarini cheklovchi, bolalarga nisbatan boʻlgan er va xotinning huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, er va xotin oʻrtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga solishni, er va xotindan birini oʻta noqulay holatga solib koʻyuvchi boshqa shartlarni nazarda tutish mumkin emas. Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi. Er-xotindan birining talabi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda va asoslarda sudning hal qiluv qarori bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikoh shartnomasining amal qilinishi nikoh tugatilgan paytdan eʼtiboran tugaydi, ammo nikoh shartnomasida nikoh tugatilgandan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar oʻz kuchini yoʻqotmaydi. Nikoh shartnomasi qonunda belgilangan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda sud tomonidan er-xotindan birining talabi boʻyicha toʻliq yoki qisman haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Er-xotin nikoh shartnomasi tuzayotgani, uni oʻzgartirayotgani yoki bekor qilayotgani toʻgʻrisida oʻz kreditorini xabardor qilishlari shart. Kreditor sharoit jiddiy oʻzgargani tufayli nikoh shartnomasining shartlari qonunda belgilangan tartibda oʻzgartirish yoki bekor qilishni talab qilishga haqli.

     

      Bekobod tumani adliya boʻlimi

      FXDYO boʻlimi mudiri                                                         N.Tashpulatova.