Янгиликлар
Konstitutsion islohatlarda-Xabeas korpus.
Konstitutsion islohatlarda-Xabeas korpus.
Sud-huquq islohotlarini yanada chuqurlashtirishning tub maqsadi fuqarolar shaxsiy erkinligi kafolatlari haqqoniy amalga oshirilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdir. Insonning erkinligi va shaxsiy daxlsizligiga boʻlgan munosabat, uning huquqiy himoyalanganligining yuqori darajasi — mamlakatda sud hokimiyati shaxs huquq va manfaatlarini himoyalash funksiyasini samarali amalga oshirayotganligida koʻrinadi.
Barchamizga maʼlum, “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkazilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”, “Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlarning qabul qilinishi natijasida “Xabeas korpus” instituti normalarini milliy qonunchilikka yanada izchil tatbiq etish hamda qoʻllash imkoniyatlari kengaydi.
Qamoqqa olish shaxsning erkinligini chegaralash bilan bevosita bogʻliq va shu sababdan mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19, 25 va 44-moddalariga asosan aynan sud tartibida amalga oshirilishi zarur. Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqining sudlarga oʻtkazilishi jinoyat sodir etganlikda ayblanayotganlarga sudgacha boʻlgan tergov bosqichida mazkur ehtiyot chorasini qoʻllashda sud himoyasi huquqini taʼminlaydi.
“Xabeas korpus” institutining joriy etilishi, yaʼni 2008-yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga oʻtkazilishi prinsipial qadam boʻldi. Ushbu qarorning oʻz vaqtida va puxta oʻylab qabul qilingani bugungi kunda hayotda oʻz isbotini topmoqda.
Sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash masalalari jinoyat ishlari yurituvining sudga qadar bosqichlarida sud nazoratini kengaytirishni, xususan, lavozimdan chetlashtirish va tibbiy muassasaga joylashtirish kabi protsessual majburlov choralarini qoʻllashda tatbiq etilishini taqozo etdi.
2012-yilning 18-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining ayrim normalariga, shu jumladan, 29 va 31-boblariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, endilikda lavozimdan chetlashtirish va tibbiy muassasaga joylashtirish kabi protsessual majburlov choralari faqat sudyaning sanksiyasi asosida qoʻllash tartibi qonunan mustahkamlandi.
Sud vakolatidan jinoyat ishi qoʻzgʻatish huquqi chiqarilib, sudda ishni koʻrishda jinoyat ishi boʻyicha ayblov xulosasini oʻqib eshittirish majburiyatini prokuror zimmasiga yuklashni koʻzda tutuvchi normalar joriy etilgani surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirishga sharoit yaratdi. “Xabeas korpus” institutini qoʻllash sohasi yanada kengaytirilgani fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalarini amalga oshirish imkonini berdi.
2014-yil 4-sentyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslariga yana qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, jinoyat protsessual qonunchiligiga uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasining kiritilgani fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinishini kafolatlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “Xabeas korpus” institutining konstitutsion normalr bilan mustahkamlanishi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini odil sudlov yoʻli bilan himoya qilishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, bu borada qonunchilikdagi ayrim muammolarni bartaraf etishga, eng muhimi, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va modernizatsiya qilishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Bekobod tumani adliya
boʻlimi boshligʻi Q.Joʻrayev.