Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Yangi konstitutsiyamizda endi «Miranda qoidasi»


Yangi konstitutsiyamizda endi «Miranda qoidasi» 



 «Miranda qoidasi» AQShda yuzaga kelgan yuridik norma bo‘lib, unga ko‘ra, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni so‘roq qilishdan oldin unga protsessual huquqlari tushuntirilishi kerak.
 Bu qoida 1966 yildagi AQSh Oliy sudi qaroridan kelib chiqadi. «Miranda qoidasi»dan ko‘zlangan asosiy maqsad shaxsga o‘z-o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik huquqini berish bo‘lgan. «Miranda qoidasi» AQShda o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan Ernest Arturo Miranda nomi bilan bog‘liq. AQShning Arizona shtati politsiyasi jinoyatchi E.Mirandani 1966 yil bir necha og‘ir jinoyatni sodir etganlikda gumon qilib, hibsga oladi. Shundan so‘ng tergov jarayoni boshlanadi. 

Ammo Mirandaga so‘roq qilinishdan oldin gumonlanuvchi sifatidagi huquqlari tushuntirilmaydi. Shu bois, E.Miranda o‘z huquqlarini bilmagan holda, aybiga iqrorlik to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. Bu ko‘rsatmalardan esa, uning aybiga iqrorligining isboti sifatida foydalaniladi. Oqibatda esa, E.Miranda sudning hukmi bilan jazoga mahkum etiladi.
Keyinchalik E.Mirandaning 73 yoshli advokati Elvin Mur tomonidan AQSh Oliy sudiga shikoyat taqdim etiladi. Natijada E.Miranda o‘z huquqlaridan xabardor qilinmay tergov qilingani uchun sudning hukmi AQSh Oliy sudi tomonidan bekor qilinadi. Sudning ayni shu qarori tufayli yuzaga kelgan mazkur yuridik norma dastlab AQSh sud amaliyotida «Miranda huquqlari» deb yuritiladi. Keyinchalik esa, xalqaro huquqda «Miranda huquqlari» nomini olgan.

 «Miranda qoidasi» talabi bo‘yicha hibsga olingan shaxsga uni so‘roq qilishdan oldin albatta sukut saqlash huquqiga egaligi, aytgan gaplari sudda unga qarshi qo‘llanishi mumkinligi va qo‘llanishi, so‘roqda uning advokati ishtirok etishi mumkinligi, advokat to‘lovini qila olmasa, unga davlat tomonidan advokat berilishi tushuntirilishi hamda o‘z advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qo‘ng‘iroq qilish imkoni berilishi shartligidir.
Bu qoidalar albatta bizning qonunchiligimizda tarqoq xolda berilgan.

 Davlatimiz rahbari yangilanayotgan Konstitutsiyamizga o‘zlarining takliflarini bildirib, tahlillarga ko‘ra huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini va natijada, gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qolayotganini ta’kidlab, ushbu holatlarni oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda xalqaro hujjatlarda aks etgan, gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olinganda, unga huquqlarini tushuntirish bo‘yicha yaxlit «Miranda qoidasi»ni Konstitutsiyada aks ettirish lozimligini qayd etib o‘tdilar.

Konstitutsiya albatta xalqimizga eng yaxshi tanish va tushunarli hujjat hisoblanadi. Shuningdek, «Miranda qoidasi»ning Konstitutsiyamizda o‘z aksini topishi ushbu tamoyilni to‘la-to‘kis va so‘zsiz qo‘llanishi uchun zarur huquqiy kafolatni yaratadi.

Bo‘ka tumani adliya bo‘limi
inson huquqlari va huquqni qo‘llash 
amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi
bosh maslahatchisi                                  G.Sodiqova