Янгиликлар
Apostil - davlat xizmati takomillashtiriladi
Apostil - davlat xizmati takomillashtiriladi
Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish takomillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrda “Rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 732-son qarori qabul qilingan edi. Ushbu qaror bilan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlangan. Maʼmuriy reglamentga koʻra, rasmiy hujjatga apostil qoʻyish, murojaat etuvchining oʻz xohishiga koʻra, anʼanaviy yoki elektron tarzda amalga oshiriladi.
Murojaat etuvchi davlat xizmatini olish uchun davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib yoki YAIDXPda (my.gov.uz) roʻyxatdan oʻtgan holda elektron tarzda murojaat etadi. Soʻrovnoma toʻldirilib, uni koʻrib chiqish uchun tegishlicha yigʻim undiriladi: taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar, adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar boʻyicha – BHMning 20 foizi miqdorida, boshqa hujjatlar boʻyicha – BHMning 10 foizi miqdorida. YAIDXP orqali murojaat etilganda, yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Soʻrovnoma rasmiy hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Quyidagilarga apostil qoʻyilmaydi:
- chet elda Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan rasmiy hujjatlarga;
- tijorat yoki bojxona operatsiyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqador boʻlgan rasmiy hujjatlarga;
- Oʻzbekiston fuqarolik pasportiga, identifikatsiya ID-kartasiga, harbiy biletga.
Rasmiy hujjatga apostil qoʻyish bilan bogʻliq barcha jarayonlar “E-App” va “E-register” dasturlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, quyidagi hollarda apostil qoʻyish rad etiladi:
- rasmiy hujjatda zarur rekvizitlarning hech boʻlmaganda biri mavjud boʻlmasa yoki mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiy emasligi aniqlansa;
- rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega boʻlmasa.
Mazkur tartib 2022-yil 1-martdan amalga kiritilgan.
Sh.Akbarov
Boʻka tuman davlat xizmatlari
markazi boʻlim boshligʻi