Янгиликлар
Davlat xizmatlari sohasida yangiliklar
Davlat xizmatlari sohasida yangiliklar
Maʼlumki yurtimizda olib borilayotgan samarali islohotlar natijasida davlat xizmatlari koʻrsatishda va undan foydalanishda elektron hukumatning oʻrni tobora yuksalib bormoqda. Umuman olib aytganda, elektron hukumatning asosiy vazifalari davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini taʼminlash, ularning masʼuliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlarini hamda ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish boʻyicha imkoniyatlar yaratishdan iborat. Soʻngi kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra, endilikda yengil avtotransportda yoʻlovchi tashish faoliyati oʻzini oʻzi band qilish hisoblanadi.
“Avtotransport vositalarini boshqarishda va yoʻnalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qoʻshimcha qulayliklar yaratish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 2022-yil 1-sentyabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (my.gov.uz) elektron rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyiladi.
Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi. Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga (BHMning 3 baravari – 900 ming soʻmga) nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:
bir oygacha boʻlgan muddatga – 10 foiz (90 ming soʻm);
olti oygacha boʻlgan muddatga – 50 foiz (450 ming soʻm);
uch yilgacha boʻlgan muddatga – 100 foiz (900 ming soʻm).
Yuridik shaxslar haydovchilarining 2 yilda 1-marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilindi. 2022-yil 1-sentyabrdan fuqarolar va yoʻlovchi tashish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar oʻrtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi.
Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi. 2022-yil 1-sentyabrdan 2024-yil oxirigacha:
4 tadan koʻp boʻlmagan oʻrindiqlarga ega transportlarda yoʻlovchi tashish oʻzini oʻzi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi; litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qoʻyilgan talab bekor qilinadi.
N.Toymuxamedov
Boʻka tuman davlat xizmatlari
markazi bosh mutaxassisi