Янгиликлар
Onlayn davlat xizmatlari bu...
Onlayn davlat xizmatlari bu...
Soʻngi yillarda yurtimizda olib borilayotgan samarali islohotlar natijasida davlat xizmatlari koʻrsatishda va undan foydalanishda elektron hukumatning oʻrni tobora yuksalib bormoqda. Umuman olib aytganda, elektron hukumatning asosiy vazifalari davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligini va shaffofligini taʼminlash, ularning masʼuliyatini va ijro intizomini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishni taʼminlashning qoʻshimcha mexanizmlarini hamda ariza beruvchilar uchun mamlakatning butun hududida davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarni elektron hukumat doirasida amalga oshirish boʻyicha imkoniyatlar yaratishdan iborat. Davlat xizmatlarini fuqarolar tomonidan bevosita vakolatli idoralarga murojaat etmasdan turib amalga oshirish imkoni yaratilgan. Hozirgi kunda uydan chiqmay turib ham barcha turdagi davlat xizmatlaridan mustaqil elektron ravishda foydalanish imkoniyati mavjud. Bunday qulay davlat xizmatlari my.gov.uz sayti orqali koʻrsatiladi.
My.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushirilgan boʻlib, Internet tarmogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida, shu jumladan “bir darcha” rejimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etilganda yoki biror xizmatdan foydalanish uchun ariza toʻldiriladi. Bunda fuqaroga tegishli asosiy maʼlumotlar JSHSHIR kiritilgach avtomat tarzda chiqib keladi. Yaʼni yashash manzili, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan vaqti va joyi kabi maʼlumotlar. Aslida bu tizim ishlashi uchun juda koʻp bosqichlardan oʻtilgan boʻladi. Misol uchun, fuqaroning yashash manzili Ichki ishlar vazirligining, shaxsning oʻziga tegishli maʼlumotlar Davlat personallashtirish markazining axborot tizimlaridan olinadi. Xullas, barcha davlat tashkilotlariga tegishli axborot tizimlari integratsiya qilinganligi uchun ushbu maʼlumotlar Yagona portaldan foydalanganda fuqarolardan qayta-qayta soʻralmaydi. Mazkur yaratilgan tizim davlat xizmatlari sohasida sansalorliklarning, ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflanishining, fuqarolarning u yoki bu eshikda uzoq navbatlar kutib turishlari, tanish-bilishchilik, mahalliychilikning oldini olishga xizmat qilib kelmoqda.
Mazkur tizimning fuqarolarga afzallik jihatlari yana shunda koʻrinadiki, xizmat oluvchi har qanday paytda tizimda mavjud boʻlgan barcha xizmatlardan 24 soat hamda Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek dunyoning istalgan nuqtasidan turib foydalanishi mumkin. Buning uchun faqatgina identifikatsiyadan oʻtgan boʻlsangiz bas. Xulosa qilib aytganda Davlat xizmatlari soxasida amalga oshirilayotgan bu kabi yangiliklar va yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali mustaqil davlat xizmatlaridan foydalanish orqali qimmatli vaqtingizni tejagan boʻlasiz.
F.Azimov
Boʻka tuman davlat xizmatlari
markazi yetakchi mutaxassisi