Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining mehnat kodeksi


Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining mehnat kodeksi

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash sharoitida O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Qonunning ishlab chiqilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Kasaba uyushmalari kengashi, ish beruvchilar Konfederatsiyasi va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish quyidagi bir qator ob’ektiv sabablar bilan bog‘liq:

Amaldagi Mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘sha davrda iqtisodiyotdagi xususiy sektor ulushi atigi 21 foiz bo‘lgan, bugungi kunda esa 83 foizdan oshgan. Ya’ni, ish beruvchilarning ko‘p qismi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida, yangi mehnat instrumentlari hamda mehnat munosabatlari shakllarining kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Yangi tahrirdagi kodeksda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli shakllarining faol rivojlanib borishi hisobga olingan, ish beruvchilarga, xususan, qo‘shimcha ishchilarni ishga jalb qilishning sodda va moslashuvchan shakllarini tanlashga imkon beruvch moslashuvchan ish rejimlarini keng qo‘llash uchun huquqiy asoslar yaratilgan.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining maqsadi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining mutanosibligini ta’minlash va uyg‘unlashtirish asosida individual mehnat va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarini tartibga solishdan iborat.

Qonun loyihasida so‘ngi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari (Soliq kodeksi, Fuqarolik kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalri to‘g‘risida”gi va boshqalar), Prezident va Hukumatning normativ huquqiy hujjatlarini hisobga olgan holda individual mehnat munosabatlari va ular bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarini tartibga solishdagi huquqiy normalar jamlangan.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda tegishli xalqaro va xorijiy tajriba o‘rganildi va tahlil qilindi, jumladan: O‘zbekiston Respublikasi XMTning bir qator konvensiyalari, shuningdek, ish o‘rinlari to‘g‘risidagi Global pakt normalari va Yangi demografik sharoitda bandlik va ijtimoiy himoya to‘g‘risidagi rezalyusiyalar; G‘arbiy Yevropa (Fransiya, Germaniya, Shvesiya, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, Daniya, Norvegiya), Sharqiy Yevropa (Latviya, Estoniya, Polsha), Osiyo (Yaponiya, Koreya Respublikasi), MDH (Rossiya, Qozog‘iston, Belarusiya, Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina) davlatlarining qonun hujjatlari o‘rganib chiqildi va tahlil qilindi.

Tarkibiy jihatdan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ikki qismdan, 34 bobdan va 621 moddadan iborat

Umumiy qism mehnat huquqining barcha institutlari uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, to‘qqiz bobdan iborat ikkita bo‘limni birlashtiradi.

Maxsus qism mehnat huquqining alohida institutlariga bag‘ishlangan va quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi: individual mehnat munosabatlari; xodimlarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; ayrim toifadagi xodimlarning mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari; xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish. Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish.

         Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

 

 

Chinoz tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i R.V.Galiyev