Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Sud organi tomonidan nikoh shartnomasini bekor qilish tartibi


Sud organi tomonidan nikoh shartnomasini bekor qilish tartibi

 

Fuqarolar O’zbekiston Respublikasida nikoh shartnomasni bekor qilish uchun 2 xil usuldan birini tanlashlari mumkin:

1.       FHDYo organlari

2.      Sud tartibida

Quyidagi holatlarda nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi, agar:

-       er-xotinlarning o‘rtada voyaga yetmagan farzandlari bo‘lsa (er yoki xotindan birining arizasi asosida ulardan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan yoki ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoxud sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan hollar bundan mustasno);

-       bolalari to‘g‘risida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga ta’minoti uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lsa;

-       er-xotindan birining nikohdan ajratishga roziligi bo‘lmasa;

-       qarshiligi bo‘lmasa-da, er-xotinlardan birining FHDYo organida nikohdan ajralishdan bosh tortganda (masalan, birgalikda ariza berishni rad etsa yoxud arizani berib, nikohdan ajratishni ro‘yxatdan o‘tkazishga kelmasa).

Shundan ko‘rinadiki, agar er-xotinlardan biri nikohdan ajralishga rozi bo‘lmasa, oxirgi so‘zni aytish sudga qoladi. Shuning uchun “ajrashaman yoki ajrashmayman” degan dag‘dag‘aning ahamiyati kuchli emas. Juftlarning hatto bittasi nikohdan ajrashishni istamasa-da, sud ularni baribir ajratib yuborishi mumkin.

Modomiki, xotiningiz ajrashishni istamas ekan, siz nikohdan ajrashish to‘g‘risidagi ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo (shahar) sudiga murojaat qilishingiz kerak. Tuman (shahar) FHDYosidan esa siz xotiningiz bilan nikohdan ajratish to‘g‘risida birgalikda yozilgan arizani bermaganligingiz to‘g‘risidagi yoxud uni berib, xotiningiz nikohdan ajratishni ro‘yxatdan o‘tkazishga kelmayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani keltirishingiz kerak.

Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasini siz xotiningiz ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga topshirishingiz kerak. Mazkur talab sudga taalluqlilikning umumiy qoidalaridan kelib chiqadi, unga ko‘ra ariza faoliyat hududida javobgar doimiy yashash joyi yoki doimiy mashg‘ulotga ega bo‘lgan sudga topshiriladi.

Biroq ushbu qoidadan istisno bor. Nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar, uning qaramog‘ida voyaga yetmagan bolalar bo‘lsa yoki nogironlik yoxud og‘ir kasallanish oqibatida uning uchun javobgar yashaydigan joy bo‘yicha fuqarolik ishlariga doir tuman, tumanlararo (shahar) sudiga borish qiyinchilik tug‘dirsa, da’vogar yashaydigan joy bo‘yicha ham berilishi mumkin.

Da’vo arizasini siz o‘zingiz yozishingiz mumkin. Sudlarda ularning namunalari mavjud, biroq biz sizga yaxshisi mutaxassislarga murojaat qilishni maslahat beramiz, zero har bir holat o‘ziga xosdir.

Shuni ham bilish lozimki, Oila kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emas. Ushbu cheklash er tug‘ilish to‘g‘risidagi yozuvlar daftarida bolaning otasi sifatida yozilmagan, bola o‘lik tug‘ilgan yoki bir yoshga to‘lmay vafot etgan hollarga ham tatbiq etiladi.

         Siz sudga da’vo ariza berganingizdan so’ng, sud yarashish uchun muddat belgilashi mumkin.  Sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligidan dalolat beruvchi holatlar aniqlanganda (bolalarning borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi o‘zaro munosabatlarning xususiyati va boshqalar), sud ikkala taraf yoki ulardan birining iltimosi yoxud o‘zining tashabbusiga ko‘ra ish ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oy doirasida muddat berishga haqlidir.

 

Chinoz tuman adliya bo’limi yuridik xizmat ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti A.Teshaboyev.