Янгиликлар
Kasanachilikni rivojlantirishga eʼtibor.
Kasanachilikni rivojlantirishga eʼtibor.
Biz bilamizki, yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, uni qoʻllab quvvatlash hamda huquqiy himoya qilish masalasiga doimiy ravishda eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bizning mentalitetimizga mos boʻlgan tadbirkorlikning yangi tashkiliy huquqiy shakli oilaviy tadbirkorlik joriy etilib, uning huquqiy asoslari yaratilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 26-apreldagi “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida” gi qonuniga muvofiq - Oilaviy tadbirkorlik bu — oila aʼzolari tomonidan tavakkal qilib va oʻz mulkiy javobgarligi ostida foyda olishga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.
Shuningdek, jismoniy shaxslar uyida istiqomat qilgan holda tadbirkorlikning kasanachilik shakli bilan shugʻullanishlari mumkin.
Shu oʻrinda: Kasanachilik bu — tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha amalga oshiriladigan faoliyat hisoblanib, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-iyuldagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Kasanachilikni rivojlantirishning hududiy va tarmoq dasturlarini shakllantirish, ularning bajarilishi monitoringini olib borish hamda kasanachilik ish oʻrinlarini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida” gi Nizom bilan tartibga solinadi.
Kasanichilik faoliyati jismoniy shaxsning yashash joyida yoki uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan binolarda amalga oshirilishi mumkin. Bunda turar joy binolarini noturar joy binolar toifasiga oʻtkazish talab qilinmaydi. Shu bilan birga, faoliyatni amalga oshirish uchun roʻyxatdan oʻtish talab etilmaydi. Kasanachilik bilan 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi jismoniy shaxslar shugʻullanishlari mumkin. Mehnat shartnomalariga ega boʻlgan kasanachilar ish bilan band boʻlgan aholi toifasiga kiritiladi va ularga mehnat daftarchasi beriladi. Kasanachining ishlagan vaqti mehnat stajiga qoʻshiladi.
Bundan tashqari, kasanachiga ish beruvchi tomonidan berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarlar foydalanish davrida mulk soligʻidan ozod qilinadi Kasanachi va korxona oʻrtasidagi mehnat shartnomasining amal qilishi toʻxtatilganda kasanachilik ish oʻrni tugagan deb hisoblanadi. Kasanachiga bajarilgan ish uchun har oyda ish haqi yozib turilgan boʻlsa, kasanachi ushbu davrda mehnat taʼtilida boʻlgan yoki vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz boʻlgan taqdirda — unga mehnat taʼtili haqi yoki vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yozilgan boʻlsa faoliyat koʻrsatayotgan hisoblanadi.
Endilikda joiry yilning 21-sentyabrida “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Mazkur qarorga muvofiq, 2022-yil 1-oktyabridan boshlab, kasanachiga ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln soʻmdan 4,5 mln soʻmgacha) oshiriladi.
Shuningdek, olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan taʼminlagan tadbirkorlar oʻrtasida har yili bir marta har birining qiymati 50 million soʻm boʻlgan loyihalar tanlovi oʻtkaziladi.
Qaror bilan “Ayollar daftari”dagi kamida 5 ta ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50 foiz miqdorda undirilishi, xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar boʻlgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlar davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi toʻlovidan 2027-yil 1-oktyabrgacha ozod etilishi belgilangan.
Bundan tashqari, har bir tuman (shahar)da xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari huzurida lider kasanachilarni jalb etgan holda “maslahat soatlari” joriy etilib, hududlarda kasanachilik orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etgan tadbirkorliklar oʻrtasida “Eng namunali tadbirkor” koʻrik-tanlovi oʻtkazilishi belgilangan.
Endilikda, yaʼni 2023-yil 1-yanvardan boshlab nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida ish bilan band boʻlmagan fuqarolarni kasanachilik yoʻnalishida kasbga oʻqitishning tartibi joriy etilmoqda.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi N. Anarqulova