Янгиликлар
Konstitutsiya-Bosh qomusimiz, gʻururimiz.
Konstitutsiya-Bosh qomusimiz, gʻururimiz.
Inson hayotda baxtli yashash uchun intiladi. Bunga esa adolat va qonun ustuvor jamiyatdagina erishish mumkin. Har bir fuqaroni hayotdan rozi qilish yoʻlidagi islohotlardan koʻzlangan maqsad ham aslida shu. Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi farovon hayotning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.
Tarixiy sana — 1992-yil 8-dekabr kuni Oʻzbekistan Respublikasi Oliy Kengashining oʻn birinchi sessiyasida Oʻzbekistan Respublikasining 6 ta boʻlim, 26 ta bobni tashkil etgan 128 moddani oʻz ichiga olgan Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Xalqimiz Konstitutsiyamizni qabul qilinishi orqali dunyo hamjamiyatiga oʻzining umuminsoniy qadariyatlarga sodiq ekanligini namoyon qildi. Ushbu umuminsoniy qadriyatlarning diqqat markazida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boiщa dahlsiz huquqlarini taʼminlash davlatimiz oldidagi oliy masʼuliyat ekanligi Konstitutsiyamizning asosiy gʻoyasi sifatida tanlab olindi. Konstitutsiyamizning barcha tamoyillari, avvalo, inson va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan boʻlib, davlatning majburiyati ushbu huquq va erkinliklarni taʼminlashda aks etadi.
Milliy qadriyatlarimizni oʻziga singdirgan Konstitutsiyamiz asosida oila, onalik va bolalik davlat muhofazasida ekanligi, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalar vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni oʻz zimmasiga olganligini alohida eʼtirof qilish lozim. Oʻz farzandlarini voyaga yetkazish ota-onaning oldidagi burch, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar esa ota-onalari haqida gʻamhoʻrlik qilishga burchli ekanligi aytilgan qoidalar xalqimizning azaliy urf-odatlari, anʼanalari oilaning muqdddasligiga tayanishini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari — mahalla institutining konstitutsiyada mustahkamlanishi xalqimizning yanada jipslashuvi, kishilarning kundalik hayotini yoʻlga qoʻyishda muhim vosita ekanligida namoyon boʻladi.
Har bir xalqning taqdirida muhrlanib qoladigan tarixiy hujjatlar millat ravnaqi, davlatchilik poydevorining mustahkam boʻlishi uchun xizmat qilganligi bilan ahamiyatlidir. Oʻzbek xalqi tarixida ham keskin burilish yasagan, istiqlol uchun kurashlar samarasi boʻlgan, ahamiyati jihatidan asrlarga tatigulik huquqiy hujjatlar qatorida Assosiy qonunimiz - Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish bilan tilga olamiz. Mustaqil davlatchilikning belgisi hisoblanmish Konstitutsiya, avvalo, millatning yuzi, xalqning erki ifodasi, jamiyat taraqiyotining asosidir. Tom maʼnoda yangi demokratik tuzumni barpo etish maqsadida qabul qilingan Konstitusiyamizning gʻoyasi , asosiy prinsip va qoidalari umum eʼtirof etilgan xalqaro talablar bilan birga, xalqimizning ming yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlarini ham oʻzida mujassam etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini taʼminlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
Yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun ishonchli kafolat boʻlgan Bosh qomusimizni bugungi davr talablariga mos holda, eng muhimi, fuqarolarimiz xohish-irodasi va fikri hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi boʻlgan “Inson — jamiyat — davlat” tamoyili asosida haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylantirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida joriy yilning 8-noyabrida Yurtboshimiz tomonidan “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida” gi farmoni qabul qilinib “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni taʼsis etildi.
Shunday ekan, bu muqaddas zaminda yashaydigan har bir inson Konstitutsiyamizni hurmat qilishi, unda belgilab quyilgan fuqarolik burchlarini yaxshi anglab olishi lozim.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
yetakchi maslahatchisi Nazokat Anarqulova