Янгиликлар
Ayol nozik bir xilqat.
Ayol nozik bir xilqat.
Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen.
Sen shuʼlasen, ul shuʼlaga men quldurmen.
Nisbat yoʻqdur, deb ijtinob aylamakim.
Shohmen elga, vale senga quldurmen.
Zahiriddin Muhammad Bobur.
Ayol nozik bir hilqat, uning tarifi tuganmasday. Garchi bu hilqatning feʼli, ham oʻzi ham tushuniksiz tuyulsa-da, bahorga mengzalsa-da , u tufayli botirlar, buyuklar tugʻilmish, shoirlar yaralmish, muhabbat qasrlari qurilmish.
Aslida oila qoʻrgʻonida qiz farzand tugʻilsa, otasiga nodir tuhfa boʻladi. Birgina oqila qiz tarbiyalaganga jannat vaʼdasi bor. Oqila ayol umrini yashab oʻtish chindan katta mukofot. Uning ham odob, ham kasbi-yu, ilmu maʼrifatda benazir boʻlishi esa jamiyat rivoji yoʻlida oltin koʻprikdir.
Rivoyat qilishlaricha, ota donishmand qoshiga kelib, ham oʻgʻil, ham qiz farzand voyaga yetkazayotganligini, bittasini oʻqitishga qurbi yetishini, qay birini oʻqitishi lozimligini soʻraganda, donishmand otaga albatta qiz farzandni oʻqitishi joizligini, chunki, oʻgʻilni oʻqitsa, bir kishini ilmli qilishi, agar qizni oʻqitsa, butun avlodni ilmli qilishi haqida nasihat qilgan ekan. Bundan koʻrinib koʻrinib turibdiki, debocha ziyo onadandur. Agar ona maʼrifatli boʻlsa, oq suti-yu, aytgan allasidan soʻzning qudrati-yu uvolini murgʻak vujud, qalb his qilib, poydevor mustahkamlanadi. Shu bois har bir daholarning onalari bilan qiziqsangiz, albatta onalari ilmu fasohati yuksak ayollardir. Bu qonuniyatni yaxshi bilgan xalqimiz azaldan xotin-qizlarning taʼlim olishiga eʼtiborli boʻlishgan.
Ayol - bunyodkor. Birgina Temuriy malikalaridan Saroymulkxonimdan tortib, Zebunisobegimgacha turli inshootlar, madrasayu maqbaralar, bogʻlar barpo etganining guvohi boʻlamiz.
Yoki, ayol - tarixchi. “Haqgoʻy otaning - rostgoʻy qizi” taʼrifiga musharraf boʻlgan Gulbadanbegim haqiqiy tarixchi- oʻzining“Humoyunnoma” si bilan tarix zarvaraqlaridan alohida oʻrin egallagan. Bu asarda otasi davridan, to oʻzi yashagan zamongacha roʻy bergan vokealarni mahorat bilan tasvirlagani bejizgamas.
Shuningdek, ayol – davlat arbobi. Erning vaziri-xotin deydi dono xalqimiz. Amir Temur rafiqasi zukko va donishmand Saroymulkxonim har jabhada xattoki davlat ishlarida maslahatchisi boʻlgani bizga maʼlum.
Vaholanki, ayol - murabbiy. Jahon otin Uvaysiyni oʻz davrining murabbiyi desak adashmaymiz. U nafaqat oddiy xotin-qizlarni, balki xonning rafiqasi Nodirabegim nomi bilan tarixu adabiyotdan munosib oʻrin olgan shoiraning ustozidir. Goʻzallikda tengsiz rafiqasini Amiriy Uvaysiyni unga murabbiylikka tayinlagan.
Yuqoridagilardan maʼlumki, ilmdan xabardor hech bir kishi ayol huquqini paymol qilmagan va qilaolmaydi. Bugungi kunda gender tenglik tufayli ijtimoiy hayotda ayollar kirib bormagan soha qolmadi. Jamiyatimizning nozik xilqati vakilalariga ogʻirlik qilmaydigan jabhalarda oʻzlarining mahoratlarini namoyish etib kelmoqda.
Shu oʻrinda Muhtarram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan. Qator farmon va qarorlarda ayollarimizning ilmli boʻlishlari uchun imtiyozlarning berilishi fikrimizning dalilidir.
Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni taʼminlash Oʻzbekiston ichki siyosiy konsepsiyasining ustuvor yoʻnalishlari qatoriga kiradi. Bugun Oʻzbekiston akademik doiralarida ayollarning oʻrni bilan bemalol maqtana olamiz. Joriy yil Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda davlatimiz rahbari: “Ilm-fan bilan shugʻullanish, ilmiy yangilik yaratish — bu igna bilan quduq qazishga barobar. Men oʻzim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy-tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman”, deya taʼkidladi. Bu bilan Prezidentimiz xotin-qizlarimizga zoʻr maʼnaviy dalda va ishonch berdi.
Shu asnoda, Muxtaram Prezidentimiz joriy yilning 7-mart kunida “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini imzolab, mamlakatda xotin-qizlarning taʼlim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratib berdi.
Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi huzurida Olima ayollar jamiyati tuzilishi, unga har yili 50 milliard soʻm ajratilishi, shuningdek, joriy va kelgusi yilda shu kabi maqsadlarga 1,8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi ham ayni muddao boʻldi. Bugun bu jamiyat chinakamiga xotin-qizlar oʻz soʻzini ayta oladigan minbarga aylanmoqda.
Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz taʼlim kreditlari ajratish, magistraturada oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha — 50 nafar, magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha — 10 nafar xotin-qizlarga “El-yurt umidi” jamgʻarmasidan grantlar ajratish, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining tavsiyalariga asosan hokimliklar tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ehtiyojmand, yetim ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim kontraktlari qaytarish shartisiz qoplash, mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 500 nafar xotin-qizlarni Qoʻmita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga test sinovlari natijalariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish, oliy taʼlim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borish belgilandi.
Eng asossiysi, ayol fitratida kasbga, ilmga boʻlgan kuchli shijoati ularning mahoratli ekanliklarini momlarimiz isbotlab bergan. Ularning ibrat maktabi bugungi ayollarimizning yoʻllarini yoritguvchi mayoqdir.
Mustaqil Oʻzbekistonimizning musaffo osmonida yulduzlar nur sochmoqda. Bu yulduzlar faqat osmonda boʻlmaydi. Yon atrofingizga boqsangiz, ularni koʻrishingizga shubha yoʻq. Bu — ilm istayotgan ayol, ming bir manbaga termulib umrining yarmini kutubxonalar bilan bogʻlagan hamda bir qoʻli bilan dunyoni, bir qoʻli bilan beshikni tebratayotgan xotin-qizlar oramizda talaygina. Ular ilmiy-tadqiqot jarayonlarida hatto oʻzini-da unutib, maqsadi uchun kurashayotgan nozik xilqat vakilalaridir.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
maʼsul xodimi Anarqulova Nazokat.